Epshteyn qurbonlari AQSH Adliya vazirligi va Google’ni sudga berdi

Olam

image

Bir guruh Jeffri Epshteyn qurbonlari shaxsiy ma’lumotlar tarqalib ketgani sababli AQSH ma’muriyati va Google kompaniyasiga qarshi jamoaviy da’vo arizasi bilan chiqdi. Bu haqda NBC xabar berdi.

Shaxsiy ma’lumotlar so‘nggi oylarda mashhur moliyachi ishi bo‘yicha e’lon qilingan “Epshteyn fayllari”ni ochiqlash jarayonida oshkor bo‘lib ketgan.

“Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi orqali harakat qilib, omon qolgan qurbonlarning maxfiyligini himoya qilish o‘rniga ma’lumotlarni tezkor va ommaviy ravishda ochiqlashga ustuvor ahamiyat berish haqida ongli siyosiy qaror qabul qildi”, deyiladi da’vogarlar bayonotida.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Adliya vazirligi o‘z harakatlari bilan Epshteyn qurboni bo‘lgan taxminan 100 kishining ism-sharifini ochiqlab yuborgan. Butun dunyoga ularning shaxsiy ma’lumotlari e’lon qilingani alohida ta’kidlanmoqda.

Qayd etilishicha, keyinchalik Adliya vazirligi ushbu shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan, biroq da’vogarlarning fikricha, bu ma’lumotlar tarmoqda, xususan, Google orqali tarqalishda davom etmoqda. Xususan, ularning shaxsiy ma’lumotlari hali ham qidiruv natijalarida va sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentlarda ko‘rinmoqda.

“Omon qolganlar endi yangi jarohat (travma) bilan yuzma-yuz kelmoqda. Notanish kimsalar ularga qo‘ng‘iroq qilib, elektron xatlar yozishmoqda, jismoniy xavfsizligiga tahdid solib, ularni Epshteyn bilan til biriktirganlikda ayblashmoqda, vaholanki ular aslida qurbonlardir”, deydi da’vogarlar.

Ular AQSH Adliya vazirligidan har bir jabrlanuvchiga kamida ming dollar miqdorida tovon puli to‘lashni, shuningdek, Google’dan jarima undirishni talab qilmoqda. Jamoaviy da’vo mualliflari suddan Google zimmasiga jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini zudlik bilan va butunlay o‘chirib tashlash majburiyatini yuklashni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi bo‘yicha yangi hujjatlar paketini e’lon qilgan edi. Ular orasidan o‘zbekistonlik qizning ham ismi chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi Google Jeffri Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing