Shov-shuvli uy mashmashasi: “Sanjik” uyni 1 so‘mga sotishga tayyor
3-sahifa
−
24 aprel 10796 3 daqiqa
Bugun, 24 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida tadbirkor, bloger “Real Sanjik” – Sanjar Karimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Sud majlisida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan uy-mojarosi haqida ham so‘z bordi. Bu galgi sudda yana takroran ayblanuvchi tomoni Alimboyevlarga tegishli uy-joyni marhum otasining nomidan o‘zlariga qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi. Mabodo Alimboyevlar mazkur hadyani qabul qilmasa, ushbu xonadonni 1 so‘m evaziga notarial idora orqali oldi-sotdi qilishga tayyorligini bildirdi. Shu sababli Sanjar Karimovning advokatlari raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyevgav mazkur uyga nisbatan taqiqni olib tashlash haqida iltimosnoma kiritdi.
Avvalroq, Alimboyevlarga tegishli uy-joy nizoli bo‘lganligi tufayli mazkur turar-joyga nisbatan sud tomonidan Fuqarolik protsessual kodeksining 248-moddasi Da’voni ta’minlash choralari 3-qismi (boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash) bo‘yicha taqiq qo‘yilgan.
Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning so‘zini tinglab, kelgusida boshqa ehtimoli mavjud bo‘lgan xavflarni oldini olish maqsadida, keyingi sud majlisida notariusni sud majlisiga chaqirgan holda, ushbu uyni sobiq egalariga oldi-sotdi jarayoni amalga oshirilishi mumkin bo‘lishini bildirdi.
Shundan so‘ng, sud majlisida tanaffus e’lon qilinib, keyingi majlis joriy yilning 27 apreliga belgilandi.
QALAMPIR.UZ tez orada ushbu sud majlisidan batafsil videoreportajni taqdim etadi. Ko‘rsatuvni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
“Real Sanjik” ishi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Sanjik” bilan bog‘liq boshqa ish omma e’tiboriga tushgan edi, ya’ni 2024 yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan Sh.R. (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz)ga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan, biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga, ya’ni bloger va biznesmen “Real Sanjik”ga 240 ming dollarga sotib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan dastlabki tergov jarayonida fuqaro Sh.R. boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlangan.
2025 yilning 21 noyabr kuni mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Unga ko‘ra, Sh.R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Holat jamoatchilik e’tiboriga tushgach, ushbu hovlining xaridori bo‘lgan taniqli bloger va tadbirkor “Real Sanjik” 240 ming dollarlik uyni bolalar uyiga ehson qilishga qaror qilgani haqida xabar bergandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa bloger turarjoyni topshirishga oid notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etmaganini ma’lum qildi.
Ushbu voqealar fonida, 2025 yilning 28 noyabr kuni u Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi