Shveysariyada Gulnora Karimova ustidan sud boshlandi
3-sahifa
−
13:37 4272 3 daqiqa
Kecha, 27 aprel kuni Shveysariyaning Bellinsona shahridagi federal jinoiy sudda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ustidan sirtqi sud jarayoni boshlandi. Jarayon 22 mayga qadar davom etishi kutilmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
53 yoshli Gulnora Karimova koloniyada jazo muddatini o‘tayotgani sababli Shveysariya sudida ishtirok eta olmaydi. Uning advokatlaridan biri Greguar Manjea hamkasblari bilan birga o‘z mijozining “to‘liq va so‘zsiz oqlanishiga” harakat qilishini bildirgan.
Shveysariya prokuraturasi Karimovaga nisbatan ayblovlarni 2023 yil kuzida e’lon qilgan. Qayd etilishicha, u bir necha o‘nlab shaxslar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan “Ofis” nomli jinoiy guruhni tuzgan va unga rahbarlik qilgan. Birinchi prezidentning qizi Shveysariya va boshqa mamlakatlarda yuzlab million dollarlik “kelib chiqishi jinoiy” mablag‘larni joylashtirishda, shuningdek, noqonuniy yo‘l bilan olingan naqd pullar, zargarlik buyumlari va boshqa boyliklarni saqlashni tashkil qilishda ayblanmoqda.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi filiali sobiq bosh direktori ham “Ofis” ishida ishtirok etgan. Da’vo qilinishicha, O‘zbekistonning telekommunikatsiya sohasida ishlashni istagan xorijiy tashkilotlar Karimovaga aloqador kompaniyalarga pora berishga majbur bo‘lgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, ushbu tashkilot Shveysariyada 2005 yildan beri faoliyat yuritgan, Karimova esa jinoiy faoliyat bilan kamida 2013 yilgacha shug‘ullangan.
2024 yil noyabr oyida Shveysariya prokuraturasi, shuningdek, Shveysariyaning Lombard Odier xususiy banki va uning sobiq xodimiga nisbatan “Ofis” jinoiy faoliyatidan tushgan daromadlarni yashirishda “hal qiluvchi rol o‘ynaganlik” aybini qo‘ydi. Bankning o‘zi esa prokuratura bankni ongli ravishda pul yuvish bilan shug‘ullanganlikda emas, balki bunday jinoyatlarning oldini olishdagi “tashkiliy kamchiliklar”da ayblayotganini bildirib, sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilishini ma’lum qilgan.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017 yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Birinchi prezidentning qizi dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025 yil yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimova va uning jinoiy guruhining Shveysariyadagi aktivlari miqdori 686 million dollarga baholanishini, Fransiya, AQSH, Latviya va boshqa mamlakatlarda esa yana qariyb 1,4 milliard dollar saqlanayotganini ma’lum qilgan edi. 2025 yil fevralida Shveysariya O‘zbekistonga 182 million dollarni qaytarishi e’lon qilindi. Bu mablag‘lar Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi doirasida 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan musodara qilingan edi.
Live
Barchasi