Si Szinpin yil oxiriga qadar AQSHga keladi – Tramp
Olam
−
16:35 803 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Republikasi Raisi Si Szinpin joriy yil oxiriga qadar Oq uyga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu haqda u 2026 yil, 4 fevral kungi NBC News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan. Ikki davlat savdo masalalari sababli yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga intilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Tramp aprel oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Shundan so‘ng Si Szinpin ham AQSHga boradi. 5 fevral kuni Tramp Xitoy rahbari bilan videokonferensiya orqali suhbatda savdo, Tayvan masalasi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hamda Eron atrofidagi vaziyatni muhokama qilganini aytgandi.
AQSH Prezidenti ikki davlat dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlar ekanini ta’kidlab, ular o‘rtasida yaxshi munosabatlarni saqlab qolish muhimligini bildirgan.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlar joriy qilish orqali iqtisodiy qaramlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Shunga qaramay, ikki davlat iqtisodiy jihatdan hali ham bir-biriga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin esa AQSHni Tayvanga qurol sotishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan. Shuningdek, Pekin va Vashington o‘rtasidagi muammolar tinch yo‘l bilan hal qilinishiga umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan AQSHda Xitoy kompaniyalari xodimlarining asossiz hibsga olinishi va so‘roq qilinishiga qarshi keskin norozilik bildirgandi.
Jamshidbek Amirov