Sifatsiz tovarlar haqida xabar berganlarga pul to‘lanadi
Jamiyat
−
25 avgust 2808 2 daqiqa
O‘zbekistonda sifatsiz tovaralar haqida xabar bergan shaxslar rag‘batlantirilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligining joriy yilning 21 avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan iqtisodiy operatorlar mazkur axborot olingan paytdan e’tiboran 10 kun ichida bu haqda Bozor nazorati organiga xabar qilishi shart.
Muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga nomuvofiq ekani to‘g‘risidagi axborotni olgan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, import qiluvchi, tarqatuvchi uni ishlab chiqaruvchiga o‘n kun ichida yetkazishi shart.
Iqtisodiy operator hisoblanmaydigan va muomalaga kiritilgan mahsulotning majburiy talablarga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxs ushbu axborotni bozor nazorati organiga yuborishga haqli. Qonunchilikda ushbu shaxslarni moliyaviy rag‘batlantirish nazarda tutilishi mumkin.
Bozor nazorati organi muomalaga chiqarilgan mahsulotning majburiy talablarga nomuvofiqligi to‘g‘risidagi axborotni olgach, axborot kelib tushgani haqida iqtisodiy operatorni 5 kun ichida xabardor qilishi shart.
Qonun loyihasida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- muomalaga chiqarilgan mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida nomuvofiq mahsulotlar haqida xabar bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibini 4 oy muddatda tasdiqlaydi;
- davlat va nodavlat ilmiy tashkilotlar tomonidan xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi asosida yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha uslubiyot 6 oy muddatda ishlab chiqilishini ta’minlaydi;
- hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtiriladi;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishi va bekor qilishini ta’minlaydi.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 3 oy muddatda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan so‘nggi 3 yilda fuqarolar foydasiga ma’naviy zarar uchun to‘lov tayinlangan sud ishlarining ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va doimiy yangilab boradi hamda undan sudlar tomonidan ma’naviy zarar bo‘yicha ishlarning ko‘rib chiqilishida foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Live
Barchasi