Tramp Venesuelaga urush ochdi

Tahlil

Bugun, 3 yanvar kuni tongda AQSH anchadan beri tayyorlanayotgan maqsadi yo‘lida Venesuelada maxsus operatsiya o‘tkazdi. Ushbu operatsiya davomida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib ketildi.

Xo‘sh, bungacha yuz bergan voqealar rivoji qanday bo‘lgan edi?

2020 yilda, ya’ni Donald Trampning birinchi prezidentlik davridayoq AQSH 2013 yildan beri hokimiyat tepasida turgan Maduroni narkoterrorizm va mamlakatga kokain olib kirish maqsadida firibgarlar bilan til biriktirishda ayblagan. O‘shanda Venesuela Prezidentiga nisbatan “adolat qaror topishiga olib keladigan ma’lumot uchun” AQSH 15 million dollar taklif qilgan, keyin bu summa 25 million dollarga oshirilgan.

2024 yilning iyulida Maduro mamlakatdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini e’lon qildi va uchinchi muddatga qayta saylandi. Muxolifatga ko‘ra, Edmundo Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Muxolifat saylov uchastkalarining 80 foizdan ortig‘ining protokollarini e’lon qildi, bu esa Gonsales saylovda sezilarli farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi esa protokollarni e’lon qilmagan. Muxolifat esa bu natijalarni soxtalashtirilgan deb hisoblashini bildirgan. Shundan so‘ng mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlandi.

Keyinchalik AQSH hukumati prezidentlik saylovi yakunlari “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmaydi” deya bayonot berdi. AQSHda g‘olib sifatida muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsales Urrutiya tan olingan. Bundan tashqari, 2024 yil kuzda AQSH hukumati Maduroning samolyotini musodara qildi. Venesuelada esa bu harakat «qaroqchilik» deb baholandi.

O‘tgan yili yanvarda esa AQSH Prezidenti Donald Tramp ikkinchi marta lavozimga keldi. Shundan keyin u keng ko‘lamli narkotrafikka qarshi kurashish rejalarini e’lon qildi. Bu yo‘nalishdagi nishonlardan asosiysi sifatida 12 yildan beri Nikolas Maduro rejimi tomonidan boshqarilayotgan Venesuela bo‘ldi.

2025 yilning avgustida esa AQSH Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar mukofot va’da qildi. AQSH Bosh prokurori Pem Bondi ochiqchasiga Maduroni “xorijdagi terrorchilik tashkilotlari”dan foydalanib, AQSHga o‘limga olib keluvchi narkotiklar va «zo‘ravonlik» kirib borishiga sabab bo‘layotganlikda aybladi. Oradan ko‘p o‘tmay, avgustning oxirida AQSH harbiy-dengiz kuchlari yettita kemani “narkotrafikka qarshi kengaytirilgan operatsiya” doirasida Karib havzasining janubiy qismiga – Venesuela yaqiniga yubordi. Sentyabr o‘rtalarida esa AQSH ilk bor Venesueladan AQSH tomonga harakatlanayotgan qayiqqa zarba berdi. Xuddi shunday amaliyotlar hozirgi davrgacha bir necha marta amalga oshirildi.

2025 yilning noyabrida Donald Tramp muhim bayonot bilan chiqib, AQSH-Venesuela urushi ehtimolini shubha ostiga oldi, ammo Nikolas Maduroning mamlakat rahbari sifatidagi kunlari sanoqli qolganini aytdi. 

“Men bunga shubha qilaman. Menimcha, unday emas. Lekin ular bizga juda yomon munosabatda bo‘lishdi, nafaqat giyohvand moddalar bilan – ular biz xohlamagan yuz minglab odamlarni mamlakatimizga olib kirishdi”, deya ta’kidlagan Oq uy rahbari.

Shuningdek, Maduro yaqinda hozirgi lavozimini tark etadimi yoki yo‘qmi, degan savolga hech ikikilanishsiz «ha» deya javob bergan.

“Maduro Prezident sifatidagi so‘nggi kunlarini yashamoqda”, degan edi o‘shanda Tramp.

Shu orada ommaviy axborot vositalari AQSH Maduroga Rossiyaga qochishga imkon bergani haqida xabarlar tarqatdi. Biroq Venesuela Prezidenti bilan bu voqea sodir bo‘lmadi. Chunki bugun, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakasda portlashlar sodir bo‘ldi. Shaharning yirik harbiy baza joylashgan janubiy qismida elektr ta’minoti uzildi. Keyinroq esa Donald Tramp Venesueladagi qator ob’ektlarga, jumladan, harbiy nishonlarga zarbalar berish haqida buyruq bergani ma’lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Tramp o‘zining Truth Sosial ijtimoiy tarmog‘ida shaxsan bayonot bilan chiqib, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi.

“Prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, mamlakatdan olib ketilgan. Ushbu operatsiya AQSH huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tafsilotlar keyinroq e’lon qilinadi”, deydi Tramp Truth Sosial tarmog‘ida. 

AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau ham voqea yuzasidan munosabat bildirib, Nikolas Maduro o‘z jinoyatlari uchun adolat oldida javob berishi kerakligini aytdi.

“Venesuyela uchun yangi davr. Zolim yo‘q bo‘lib ketdi”, dedi u.

OAVga ko‘ra, Nikolas Maduro AQSH armiyasining «Delta» maxsus bo‘linmasi jangchilari tomonidan qo‘lga olingan.

“Manbalarimning xabar berishicha, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSH Qurolli kuchlarining maxsus elita bo‘linmasi – Delta Forse tomonidan qo‘lga olingan”, deydi jurnalist.

Ma’lumot uchun, «Delta» – AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan 1-maxsus operativ otryad bo‘lib, u 1970 yillarning oxirida tuzilgan. Ushbu bo‘linma AQSHning deyarli barcha yirik harbiy amaliyotlarida ishtirok etgan. Xususan, 1989 yilda «Delta» Panamada o‘tkazilgan operatsiyada qatnashgan. O‘shanda AQSH narkotrafikka qarshi kurash bahonasida Panama Prezidenti Manuel Noregani hokimiyatdan ag‘darib tashlagan.

Prezidenti asirga olingan Venesuela Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng AQSHning o‘z mamlakatiga qarshi ochiqchasiga tajovuzini qoraladi.

“Venesuela Bolivar Respublikasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining amaldagi hukumati tomonidan Venesuela hududi va aholisiga qarshi respublika poytaxti Karakas shahrining fuqarolik va harbiy hududlarida, shuningdek, Miranda,  Aragua va La-Guayra shtatlarida amalga oshirilgan ochiqchasiga harbiy tajovuzni rad etadi, qoralaydi va xalqaro hamjamiyatga e’lon qiladi”, deyiladi bayonotda.

Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ushbu harakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini qo‘pol ravishda buzish, shuningdek, tinchlik va xalqaro barqarorlikka, xususan, Lotin Amerikasi va Karib dengizida tahdid solishini va millionlab odamlarning hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yishini ta’kidlaydi.

“Bu hujumning maqsadi Venesuelaning strategik resurslarini, xususan, uning neft va minerallarini tortib olish va mamlakatning siyosiy mustaqilligini majburan buzishga urinishdan boshqa narsa emas. Bu amalga oshmaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, mamlakat Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes AQSH Venesuelaning aholi yashash punktlariga zarbalar berganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ehtimoliy qurbonlar, jarohatlar va yetkazilgan zarar miqdori haqidagi ma’lumotlar aniqlanmoqda.

“Bolivar milliy qurolli kuchlari butun xalqaro hamjamiyatga bugun, 3 yanvar kuni erta tongda Venesuela xalqi Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati tomonidan eng jinoiy harbiy tajovuzga uchraganini e’lon qildi. Hozirda yaradorlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumot to‘planmoqda”, deydi vazir.
AQSHning Venesuelaga hujumiga birinchilardan bo‘lib Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro munosabat bildirdi. U butun dunyoni bo‘layotgan voqealarga e’tibor qaratishga chaqirib, BMTni tezkor yig‘ilish o‘tkazishga chorladi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Venesuelaga qilgan hujumini muhokama qilib, bu juda tashvishli va qoralanadigan holat ekanini ma’lum qildi.  TIV bayonotida aytilishicha, bunday harakatlarni oqlash uchun ishlatilgan bahonalar asossiz. Mafkuralashtirilgan nafrat ishbilarmonlik pragmatizmi, ishonch va bashorat qilish munosabatlarini o‘rnatishga tayyorlik ustidan g‘alaba qozondi.

“Vujudga kelayotgan vaziyatda, eng avvalo, yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik, muammolardan chiqish yo‘lini muloqot orqali topishga intilish muhimdir. Biz bir-biriga e’tirozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha hamkorlar o‘zaro muammolarni hal qilish yo‘llarini muloqot yechimlari orqali izlashlari kerak, deb hisoblaymiz. Biz ularni bu yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deydi Rossiya TIV.

Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Lotin Amerikasi 2014 yilda e’lon qilganidek, tinchlik hududi bo‘lib qolishi kerak. Venesuelaga esa tashqaridan hech qanday buzg‘unchi, ayniqsa, harbiy aralashuvsiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kafolatlanishi kerak.

“Venesuela xalqi bilan birdamligimizni, uning Bolivar rahbariyatining mamlakat milliy manfaatlari va suverenitetini himoya qilishga qaratilgan siyosatini qo‘llab-quvvatlashimizni tasdiqlaymiz”, deydi TIV

Bayonotda Rossiya Venesuela hukumati va Lotin Amerikasi mamlakatlari rahbariyatining BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini zudlik bilan chaqirish to‘g‘risidagi bayonotini qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan. 

Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng Maduroning taqdiri noma’lumgicha qolmoqda. “The New York Times ” Venesuela hukumati mamlakat Prezidentining qayerdaligini bilmasligini yozmoqda. Tez orada AQSH Prezidentinibg Floridadagi qarorgohida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi va shunda voqealar tafsiloti ommaga e’lon qilinishi kutilmoqda.
 


 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh TIV Rossiya Venesuela Nikolas Maduro Florida Donald Tramp Gustavo Petro Vladimir Padrino Lopes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing