Sobiq deputat qamaldi: u Rossiya manfaatlari uchun pora olgan
Olam
−
22 noyabr 4742 3 daqiqa
Britaniyalik siyosatchi Neytan Gill Yevropa parlamentida Rossiya foydasiga bayonotlar qilish evaziga pora olgani uchun o‘n yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilindi. “The Moscow Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa parlamentining sobiq a’zosi va Uelsdagi Reform UK partiyasining sobiq rahbari Neytan Gill Rossiyaning Yevropadagi siyosiy manfaatlarini lobbi qilish uchun pora olganini tan olgan. 2025 yilning 21 noyabr kuni Londonning markaziy jinoyat ishlari bo‘yicha sudi uni 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Sudya Bobbi Chima-Grabbning aytishicha, Gill “o‘ziga yuklangan jamoat vazifalarini noto‘g‘ri bajarishi evaziga pul olgan”. Sudya uning Yevroparlamentda Ukraina borasida Moskvaga ma’qul narrativlarni ilgari surganini va bu xatti-harakatlar Buyuk Britaniya milliy xavfsizligiga tahdid solganini ta’kidladi.
52 yoshli Gill 2024 yil sentyabr oyida poraxo‘rlik bo‘yicha sakkiz banddan iborat ayblovlarni tan olgan. U 2018 yil dekabrdan 2019 yil iyulgacha Yevropa parlamenti deputati bo‘lgan davrida pul olgan. Prokuror Mark Xeyvudning ma’lum qilishicha, Gill pora evaziga Yevropa parlamentda kerakli masalalarni ko‘tarib chiqqan va manfaatdor shaxslar uchun tadbirlar tashkil qilgan. U 2020 yilda Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi sabab parlamentni tark etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Gilga pulni Oleg Voloshin bergan. Voloshin – Ukraina siyosatchisi bo‘lib, 2019-2022 yillarda Viktor Medvedchukning “Hayot uchun muxolifat platformasi” partiyasidan Oliy Rada deputati bo‘lgan. Medvedchuk Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqaga ega shaxs sifatida tanilgan.
Voloshin o‘z siyosiy faoliyati davomida DNR va LNR tuzilishini oqlovchi, Rossiya manfaatlarini qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlari bilan tanilgan. 2022 yilda uning Rossiya bilan bog‘liq faoliyati “Ukrainani beqarorlashtirishga urinish” sifatida baholanib, AQSH uni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.
2023 yilda Ukrainada Voloshinga davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilgan. Ammo u o‘sha paytda mamlakatda bo‘lmagan – Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, u Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan bir oz oldin mamlakatdan chiqib ketgan. OAV xabariga ko‘ra, u oilasi bilan Belarusda yashamoqda.
Oleg Voloshin bilan Germaniyadagi o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” partiyasi vakili Maksimilian Kra o‘rtasida ham aloqadorlik bor, deb hisoblanadi. 2023 yil dekabr oyida AQSH Federal tergov byurosi vakillari Krani Kremlga yaqin manbalardan “shubhali to‘lovlar” olgan-olmagani yuzasidan so‘roq qilgan.
“Der Spiegel” ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari qo‘liga Voloshin va Kra o‘rtasidagi yozishmalar tushgan, unda rossiyaparast faol nemis o‘ng populisti bilan qandaydir “texnik topshiriqlar” uchun “kompensatsiya” masalalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenga ishonchsizlik votumini bildirish tashabbusi bilan chiqqan Ruminiya parlamenti deputati George Piperey uni tuhmat uchun sudga bergandi.
Live
Barchasi