Solovyov Rossiyani Markaziy Osiyo va Armanistonga ham hujum qilishga chaqirdi (video)

Olam

image

Rossiyalik mashhur teleboshlovchi, Kremlga yaqin asosiy propagandist Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytdi.

Solovyov efirda Rossiya Venesuela va Suriya haqida emas, balki “yaqin xorij” deb ataluvchi hududlar, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari hamda Armaniston ustidan nazoratni saqlab qolish haqida o‘ylashi kerakligini aytgan. 

“Hozir biz Suriya yoki Venesuela bilan shug‘ullanmasligimiz kerak. Biz o‘z pozitsiyalarimizni yo‘qotmasligimiz lozim. Biz uchun eng muhimi – bu yaqin xorij. Armanistonda sodir bo‘layotgan voqealar biz uchun Venesueladagi holatlardan ancha og‘riqlidir. Armanistonni yo‘qotish – bu ulkan muammo. Markaziy Osiyodagi muammolar ham biz uchun juda katta muammolardan”, degan teleboshlovchi. 

Solovyovning fikricha, Rossiya hozir qaysi hududlar unga tegishli ekanini aniq va qat’iy aytishi lozim. Shuningdek, jurnalist bu harakatlar yo‘lida xuddi Ukrainaga qilingan yurish kabi “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarurati borligini aytgan.

“Biz o‘z maqsad va vazifalarimizni juda aniq belgilashimiz kerak. Biz ochiq aytishimiz lozim: “O‘yinlar tugadi”. Xalqaro huquq ham, xalqaro tartib ham barbod bo‘lsin. Agar milliy xavfsizligimiz sababli Ukraina hududida “maxsus harbiy amaliyot” boshlash zarur bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu asoslar bilan ta’sir doiramizdagi boshqa hududlarda ham “maxsus harbiy amaliyot” boshlashga nega haqqimiz bo‘lmasin? Balki biz milliy doktrinamizni shakllantirib, aniq qilib, qaysi hududlar bizning ta’sir doiramizga kirishini ochiq e’lon qilishimiz kerakdir. Shunda hammasi ravshan bo‘ladi”, — degan Solovyov. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil dekabr oyida rossiyalik yozuvchi, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin ham sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Armaniston Markaziy Osiyo Solov'yov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing