Sportchilar Olimpiada medallari sinishidan shikoyat qilmoqda – OAV
Sport
−
09 fevral 2298 1 daqiqa
Italiyada o‘tayotgan qishki Olimpiya o‘yinlarida ayrim sportchilar medallarining sinib ketgani haqida tashkilotga shikoyatlar yo‘llamoqda. Bu haqda “News Nation” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, tashkiliy qo‘mita ushbu muammolardan xabardorligini va uning aniq sabablarini o‘rganib, bartaraf etish choralarini ko‘rayotganini bildirgan.
Tashkiliy qo‘mita bosh operatsion direktori Andrea Franchisi matbuot anjumanida taqdirlash marosimlari mukammal o‘tishi tashkilotchilar uchun ustuvor vazifa ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, medal topshirish jarayoni sportchilar faoliyatidagi eng muhim lahzalardan biri hisoblanadi.
Bir qator sovrindorlar amerikalik tog‘ chang‘ichisi Brizi Jonson, shved chang‘ichisi Ebba Andersson hamda germaniyalik biatlonchi Yustus Shtrelov medallari bilan bog‘liq muammolar haqida tashkilotga shikoyat qilgan. Ayrim hollarda medal lentalari mahkamlash joyidan yirtilib, yerga tushganda sinib ketgani qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, Olimpiya o‘yinlari medallari Italiya milliy matbaa va Zarbxona instituti (IPZS) tomonidan ishlab chiqarilgan.
Ma’lumot uchun, medallar bilan bog‘liq muammolar avval ham kuzatilgan. Xususan, Parij-2024 yozgi Olimpiadasida mukofotlar qoplamasi yorilib, ko‘chib ketgani haqida shikoyatlar bo‘lgan. 2025 yil fevraliga kelib, Parij zarbxonasi medallarni almashtirish bo‘yicha 220 ta murojaat olgan.
Live
Barchasi