Stadion, sirlar va Japarov idorasi: Qirg‘izistondagi mega-loyihani kim quryapti?

Olam

image

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahri yaqinida qurilayotgan 50 ming kishilik futbol stadioni Markaziy Osiyodagi eng ulkani bo‘lishi kutilmoqda. Bu loyiha atrofidagi ma’lumotlar esa sir saqlanmoqda, unda ishtirok etayotgan kompaniyalar ommaga ochiqlanmagan. Mazkur mavhumliklar fonida mega-loyihani amalga oshirayotgan kompaniya mamlakat Prezidenti Sadir Japarov va uning oilasiga aloqador ekani aytilmoqda. Bu haqda Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) surishtiruv e’lon qildi.

“OCCRP olib borgan surishtiruvlar natijasida stadion qurilishida ishtirok etayotgan kompaniyalardan biri – Ordo Kurulush kompaniyasi ekani aniqlandi. Ushbu shirkat Prezidentga bo‘ysunuvchi hukumat organi – Prezident ma’muriy direksiyasi bilan bog‘liq biznes tarmog‘iga kiradi. Bu esa Japarov o‘yiniga xos uslubni tasdiqlaydi”, deyiladi maqolada.

2024 yil may oyida OCCRP Prezident direksiyasi tomonidan boshqarilayotgan 11 ta davlat loyihasida ishtirok etayotgan 5 ta kompaniyani aniqlagan. Ularning egasi yoki rahbarlari esa ushbu davlat organi rahbari yoxud Japarovning qarindoshlari bilan aloqador.

Xuddi shunday, Ordo Kurulushning egasi Nurlan Chinibekov Prezident ma’muriy direksiyasi rahbari Kanibek Tumanbayev bilan aloqador. U ilgari OCCRP aniqlagan boshqa davlat loyihalarida ishtirok etgan kompaniyalardan birining moliyaviy direktori bo‘lgan va yana ikki firma uchun soliq to‘lagan. 

Direksiyaning ichki faoliyati bilan tanish, xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi oshkor qilinmagan shaxsning aytishicha, Chinibekov Tumanbayevning “bosh hisobchisi” hisoblanadi.

Chinibekov va Ordo Kurulush kompaniyasi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan – telefon raqamlari va elektron pochta manzillari mavjud emas, manziliga yuborilgan savollarga javob berilmagan. Tumanbayev ham, Prezident ma’muriy direksiyasi ham izoh bermagan. Stadion qurilishida ishtirok etayotgan boshqa kompaniyalar nomi sir bo‘lib qolmoqda, moliyalashtirish tafsilotlari ham ochiqlanmagan.

Ayni paytda qurilish xarajatlarining bir qismi “Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi” hisobidan qoplanishi aytilgan. Bu haqda Qirg‘iziston futbol ittifoqi hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev davlat televideniyesida ma’lum qilgan.

Tashiyevning aytishicha, jamg‘arma poraxo‘rlikda ayblangan amaldorlar tomonidan to‘langan jarimalar hisobidan shakllangan. Biroq jamg‘arma hukumatning rasmiy bazalarida ro‘yxatga olinmagan va uning qanday boshqarilayotgani bo‘yicha Moliya vazirligi hech qanday izoh bermagan.

Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi yangi stadion haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Futbol ittifoqi esa barcha savollarni Prezident direksiyasiga yo‘naltirgan. Avstriyada surgunda yashayotgan taniqli qirg‘iz huquq faoli va yurist Leyla Seyitbek Ordo Kurulush va Prezident direksiyasi rahbari o‘rtasidagi aloqalar jamoatchilik uchun xavotirli holat ekanini ta’kidlagan.

“Bu holat ehtimoliy korrupsiya mavjudligini yoki loyihaning jamoatchilikka noma’qul jihatlarini yashirish istagini anglatishi mumkin”, dedi u.

Jurnalistlar stadion qurilishi bo‘yicha hech qanday ochiq davlat tender hujjatlarini topa olmagan. 2022 yilda Japarov tomonidan joriy etilgan davlat xaridlari haqidagi qonun o‘zgartirilgach, davlat kompaniyalari tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzish huquqiga ega bo‘lgan.

Stadion haqida rasmiy ma’lumotlar kam bo‘lsa-da, davlat telekanali orqali e’lon qilingan xabarda qurilishda ba’zi xorijiy kompaniyalar ishtirok etayotgani aytilgan.

Ulardan biri Populous Holdings Inc. – global me’moriy va dizayn firmasi bo‘lib, AQSHning Delaver shtatida ro‘yxatga olingan. Ushbu kompaniya ham holat yuzasidan izoh bermagan.

Qolgan uch kompaniya Turkiyadan: Dzine Design and Consultancy – arxitektura va interer dizayni bo‘yicha, Arenes Engineering Group esa elektromexanik tizimlar bo‘yicha ishlayotgan bo‘lgan. Statik Istanbul Akademi’ning loyihadagi roli noma’lum. Bu firmalarning hech biri OCCRP'ning so‘rovlariga javob bermagan.

Qirg‘iziston hukumati stadion 2026 yilga borib foydalanishga topshirilishini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston O‘zbekiston va Tojikiston bilan birga 2031 yilgi Osiyo kubogini birgalikda o‘tkazish huquqini olish uchun ariza topshirgandi. Musobaqaning ochilish marosimi, ochilish uchrashuvi va final o‘yinini o‘tkazuvchi davlatda kamida 50 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion bo‘lishi shart.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov surishtiruv Stadion OCCRP Ordo Kurulush Nurlan Chinibekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing