O‘zbekiston sud tizimida “xalq vakillari hay’ati” joriy etiladi
Jamiyat
−
27 dekabr 2025 2267 2 daqiqa
O‘zbekiston sud tizimida “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
“Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi”, dedm Shavkat Mirziyoyev.
Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom etishini aytgan Prezident odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish boshlanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasi kuchaytiriladi. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.
“Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini ham beramiz. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirib boramiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
U sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmasligini ham qayd etdi va shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlar kiritilishini bildirdi. Natijada sohaga sun’iy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi.
Live
Barchasi