Sud Trampning immigratsiya cheklovlarini noqonuniy deb topdi

Olam

image

Kecha, 5 iyun kuni Vashington federal sudi AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan 2025 yil noyabrida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga qilingan hujumdan so‘ng joriy etilgan immigratsiya cheklovlarini bekor qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, okrug sudyasi Jon Makkonnell Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharqdagi 39 davlat fuqarolari uchun boshpana olish, ishlashga ruxsatnoma va grin-karta berish qoidalarining qat’iylashtirilishini noqonuniy deb topgan.

“Cheklovchi immigratsiya siyosati Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan son-sanoqsiz immigrantlar hayotini mavhum huquqiy holatga tushirib qo‘ydi”, deydi Makkonnell.

Sudyaning fikricha, AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) o‘zining antiimmigratsion kayfiyatini yashirish uchun milliy xavfsizlik haqidagi asossiz bahonalardan foydalangan. Uning ta’kidlashicha, ushbu choralar tufayli minglab odamlar faqatgina tug‘ilgan joyi sababli yarim yildan beri huquqiy maqom va ishsiz qolmoqda.

Cheklovlarni bekor qilish talabi bilan da’vo arizasi shu yilning mart oyida migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar koalitsiyasi tomonidan berilgan.

USCIS 2025 yil dekabr oyi boshida, Vashingtonda Oq uydan bir necha mahalla narida sodir bo‘lgan Milliy gvardiya askarlarini o‘qqa tutish voqeasidan ko‘p o‘tmay, o‘sha paytdagi 19 davlat fuqarolarining barcha immigratsiya so‘rovlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatib qo‘ygan edi.

Ushbu hujumda Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) bilan shartnoma asosida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan Afg‘oniston fuqarosi Rahmanulla Lakanval ayblanmoqda. Lakanval MRB tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘linma tarkibida bo‘lgan va 2021 yilda Amerika qo‘shinlari olib chiqilganidan so‘ng, “Tolibon” qatag‘onidan qo‘rqqan o‘n minglab afg‘onlar bilan birga AQSHga ko‘chib borgan. Lakanval o‘z aybini tan olmayapti. Hozirda u sud jarayonini kutmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp immigratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing