Sudanda jangarilar uch hafta ichida kamida 60 ming kishini o‘ldirdi
Olam
−
06 dekabr 5356 2 daqiqa
Sudanning yirik Al-Fashir shahrida uch hafta ichida kamida 60 ming kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Yel universitetining gumanitar fanlar tadqiqot laboratoriyasi direktori Nataniel Reymondning ta’kidlashicha, vaziyat “kushxonaga juda o‘xshaydi”. Uning jamoasi tomonidan tahlil qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlari bir vaqtlar 1,5 million aholi istiqomat qilgan Al-Fashir shahri bo‘shab qolganini ko‘rsatadi.
Tezkor harakat kuchlari (RSF) shahar ustidan nazorat o‘rnatganidan so‘ng, butun mahallalar “keng jinoyat joylari”ga aylandi: jasadlar tog‘lari, ommaviy qabrlar hamma joyda ko‘rinib turadi va o‘lganlarning ko‘pchiligi ulkan chuqurlarda yoqib yuborildi.

BMTning urush jinoyatlari bo‘yicha tergovchilari Al-Fashirga kirish imkoniga ega emas, shuning uchun o‘lganlarning aniq soni noma’lum. Biroq Britaniya Jamoatchilik palatasi taraqqiyot qo‘mitasi tadqiqotchilari keltirgan eng past hisob-kitoblarga ko‘ra, uch hafta davomida birgina Al-Fashirda kamida 60 ming kishi halok bo‘lgan. Yana 150 ming aholi bedarak yo‘qolgan, ular qochishga muvaffaq bo‘lgan-bo‘lmagani haqida ma’lumot yo‘q.
Inson huquqlari faollari Al-Fashirdagi voqealarni 2023 yilning aprel oyida boshlangan va 400 mingga yaqin odamning o‘limiga hamda 13 million odam uy-joyini tashlab ketishiga olib kelgan Sudandagi fuqarolar urushidagi eng dahshatli urush jinoyati deb atamoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 avgust kuni G‘arbiy Sudandagi Marra tog‘lari hududida yuz bergan ko‘chki oqibatida kamida ming kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi