Sulh Livanga taalluqli emas – Netanyaxu
Olam
−
08 aprel 5802 2 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasidagi ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish tartibi Livanga taalluqli emas. Bu haqda bugun, 8 aprel kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
”Ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish Livanni o‘z ichiga olmaydi”, deydi Netanyaxu.
Vashington va Tehron o‘rtasida asosiy vositachi sifatida chiqqan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif vaqtinchalik sulh Livanda ham amal qilishini ta’kidlagan edi.
“The Times of Israel”ning xavfsizlik xizmati vakiliga tayanib yozishicha, Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi operatsiyalari to‘xtashidan darak yo‘q. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi e’longa qaramay, Eronga zarbalar berishda davom etmoqda.
Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Live
Barchasi