“Sumkamda bomba bor”. Qozog‘istonda xodimlarni aldagan o‘zbekistonlik jazolandi
Olam
−
05 Sentabr 7955 1 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota xalqaro aeroportida O‘zbekiston fuqarosi “sumkamda bomba bor” deb hazillashgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Hodisa 2 sentyabr kuni xalqaro reyslar ro‘yxatidan o‘tish joyida sodir bo‘lgan. 18 yoshli yigit ro‘yxatga olish bo‘limida yuklari orasida “atom bombasi” borligini aytib, jamoat tartibini buzgan. Oqibatda u mayda bezorilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, 78 640 tenge (1 mln 824 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Qozog‘iston Transport politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon turli huquqbuzarliklar sababli 900 yo‘lovchi poyezd va samolyotlardan tushirilgan. Ularning 489 nafari temiryo‘l transportida, 411 nafari esa havo transportida aniqlangan.
Huquqbuzarliklarning ko‘pi spirtli ichimlik iste’moli yoki mast holda jamoat joylariga kelish, mayda bezorilik, vagonlarda chekish va boshqa qoidalarga rioya qilmaslik bilan bog‘liq. Politsiya bunday xatti-harakatlar jiddiy xavf sifatida baholanishi va har qanday qo‘rqitish yoki tartibni buzish holatlari qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 avgust kuni Qozog‘istondagi Olmaota aeroportining “T-1” terminalidagi kassa yonida bir kishi o‘zini yoqib yuborishga uringandi. Politsiya xodimlari aeroport xavfsizlik xizmati bilan birgalikda zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rgan va yong‘in tezda o‘chirilgan.
Live
Barchasi