Sun’iy intellekt sabab milliarderlar soni sezilarli ortmoqda

Olam

image

Dunyo bo‘ylab milliarderlar soni 2031 yilga borib qariyb 4 ming nafarga yetishi mumkin. Bu esa boylik yig‘ish jarayoni tobora tezlashayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda “Knight Frank” xalqaro ko‘chmas mulk agentligi e’lon qilgan tahlilda so‘z boradi. 

Unga ko‘ra, hozirda dunyoda 3 110 nafar milliarder bor. Bu ko‘rsatkich keyingi besh yil ichida 25 foizga oshib, 3 915 nafarga yetadi. Shuningdek, kamida 30 million dollar boylikka ega bo‘lgan multimillionerlar soni ham tez sur’atda ortmoqda. 2021 yilda ularning soni 162 191 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 713 626 taga yetgan. Bu 300 foizdan ortiq o‘sish demakdir.

Kompaniyaning tadqiqotlar bo‘yicha rahbari Liam Beylining aytishicha, milliarder va millionerlar boyligi texnologiya, ayniqsa sun’iy intellekt sohasidagi daromadlar hisobiga keskin tezlashgan. 

“Biznesni kengaytirish imkoniyati hech qachon bunchalik yuqori bo‘lmagan. Bu esa katta boyliklarni juda tez orttirish imkonini bermoqda, texnologiya va sun’iy intellekt esa bu jarayonni yanada tezlashtiryapti”, deydi u.

Tadqiqotlarga ko‘ra, milliarderlar soni Saudiya Arabistonida eng tez – 2026 yildagi 23 nafardan 2031 yilda 65 nafargacha, Polshada 13 nafardan 29 nafargacha, Shvetsiyada esa bu ko‘rsatkich 32 tadan 58 nafar milliardergacha oshishi kutilmoqda. Bu qariyb 81 foizga o‘sish degani.

Bu jarayon boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut kengayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. “World Inequality Lab” hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining atigi 0,001 foizini tashkil etuvchi 60 mingga ham yetmaydigan odamlar butun insoniyatning eng kambag‘al yarmiga qaraganda uch baravar ko‘proq boylikka ega. Shu sababli, ko‘plab ekspertlar superboylarga soliqni oshirish bo‘yicha global chaqiriqlarni ilgari surmoqda. Chunki jamiyatdagi eng boy qatlam siyosiy ta’sirni ham sotib olayotgani haqida xavotirlar bor. “Oxfam” xalqaro kambag‘allikka qarshi kurash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, o‘tgan yili rekord darajada yangi milliarderlar paydo bo‘lgan va ularning umumiy soni ilk bor 3 mingdan oshgan. Ularning umumiy boyligi 18,3 trillion dollarni tashkil etadi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda milliarderlarning qariyb uchdan biri Shimoliy Amerikada yashaydi. 2031 yilga borib, bu hududni Osiyo mintaqasi ortda qoldirishi kutilmoqda. O‘sha paytda milliarderlarning 37,5 foizi Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga, 27,8 foizi esa Shimoliy Amerikaga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ilon Mask hozirda dunyoning eng boy odami bo‘lib, uning boyligi 785,5 milliard dollar deb baholangan. Larri Peyj 272,5 milliard dollar bilan ikkinchi, Jef Bezos esa 259 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyoning eng boy odamlari reytingi e’lon qilingan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

milliarderlar Sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing