So‘nggi 24 yilda qizamiqdan o‘lim ko‘rsatkichi 88 foizga kamaydi. Ammo…
Salomatlik
−
03 dekabr 925 2 daqiqa
Dunyoda 2000-2024 yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli emlash tadbirlari natijasida qizamiqdan o‘lim ko‘rsatkichi 88 foizga kamaydi, ya’ni bu davrda vaksinalar qariyb 59 million insonning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan so‘nggi hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kasallikdan o‘lim darajasi kamaygani quvonarli holat, biroq epidemiyaning tarqalish ko‘lami va sur’ati oshib borayotgani xavotirlidir.
Xususan, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 11 millionga yaqin odamda qizamiq aniqlangan bo‘lib, bu pandemiyadan oldingi davr – 2019 yilga nisbatan 800 mingta ko‘p ko‘rsatkichdir.
2024 yili xastalikdan vafot etganlar soni esa 95 ming nafarni tashkil etgandi. Yanada achinarlisi, ularning asosiy qismi besh yoshdan kichik bolalardir.
JSST rahbari Tedros Gebreisusning ta’kidlashicha, qizamiq – dunyodagi eng yuqumli viruslardan biri. Shu bois, emlanish jarayonida yo‘l qo‘yiladigan loqaydlik katta xavfni keltirib chiqaradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yili Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasi davlatlari hududida kasallanish ko‘rsatkichi 2019 yilga nisbatan 86 foizga, Yevropada 47 foizga, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida 42 foizga oshgan.
Afrikada esa aksincha – emlash qamrovi oshishi tufayli kasallanish darajasi 40 foizga, o‘limlar soni esa 50 foizga kamaygan.
Xo‘sh, muammoning ildizi qayerda? Ma’lum qilinganidek, 2024 yilda dunyo bo‘yicha bolalarning 84 foizi birinchi dozada, 76 foizi ikkinchi dozada emlangan. Virus tarqalishini jilovlash uchun esa har ikki dozada vaksina olish qamrovi 95 foizlik natijaga yetishi talab etiladi. Ayni shu muammo tufayli 30 milliondan ortiq bolaning salomatligi himoyasiz qolgan.
Yana bir tahlil: o‘tgan yili 59 mamlakatda yirik qizamiq o‘choqlari qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga solishtirganda uch barobar ko‘p. O‘z navbatida, 2024 yil oxiriga kelib, 81 davlat qizamiqni to‘liq bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan.
Shundan kelib chiqib, JSST tegishli davlatlarni emlash qamrovini oshirish va epidemiologik nazoratni kuchaytirishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq JSST 2024 yilda kasalliklar soni kamayganiga qaramay, taxminan 1,3 million kishi OITSga chalinganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi