Superligada sovrindorlar aniq bo‘ldi

Sport

image

Bugun, 29 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 30-turidan o‘rin olgan 3 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘yinlar yakunidan keyin mavsumning sovrindor jamoalari nomi rasman ma’lum bo‘ldi. Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi chempionlikni, Toshkentning “Paxtakor” klubi kumush, Qarshining “Nasaf” jamoasi esa bronza medallarga ega chiqdi.

So‘nggi turda “Paxtakor” Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘lib, 1:1 hisobidagi durangga erishdi. Bu natija “sherlar”ga mavsumni 2-o‘rinda yakunlash imkonini berdi.

Medallar uchun kurashda barcha e’tiborni o‘ziga tortgan Qarshining “Nasaf” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmadi. Natijada Vadim Abramov boshqaruvidagi “Dinamo” mavsumni 4-o‘rinda yakunlaydigan bo‘ldi.

“Nasaf” esa ushbu durangdan keyin bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qarshiliklar kumush medalga ham da’vogar edi. Agar o‘z maydonida “Dinamo”ni mag‘lub etganida, ikkinchi o‘rinni egallashi mumkin edi. Biroq jamoaga mavsum yakunida omad yetishmadi. Shunday qilib, o‘tgan mavsum chempioni bo‘lgan “Nasaf” bu yilni bronza medali bilan yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 noyabr kuni Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi Navoiyning “Qizilqum” klubini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 24 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Superliga “Paxtakor” “Nasaf” “Neftchi”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing