Suriya Livandan Asad davridagi zobitlarni berishni so‘radi – “Reuters”
Olam
−
14 yanvar 2183 2 daqiqa
Suriya hukumati Livan xavfsizlik kuchlaridan Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, Livanga qochib o‘tgan 200 dan ortiq sobiq yuqori martabali harbiy zobitni topshirishni so‘radi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil 18 dekabr kuni Suriya xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli vakili Abdul Rahmon al-Dabbagh Bayrutda livanlik amaldorlar bilan uchrashib, Asad davrida xizmat qilgan va hozirda Livanda yashirinib yurgan zobitlar masalasini muhokama qilgan.
Uchrashuvlar Asadning milliarder qarindoshi Rami Maxluf va sobiq harbiy razvedka rahbari Kamol Hasan bayonotlaridan keyin bo‘lib o‘tgan. Ularning aytishicha, Moskvada yashayotgan ayrim kuchlar Livan va Suriya qirg‘oq hududlarida qurolli guruhlar tuzish va ularni moliyalashtirish bilan shug‘ullanmoqda.
Bu guruhlarning asosiy maqsadi muvaqqat prezident Ahmad al-Sharaa boshchiligidagi yangi Suriya hukumatini ag‘darish. Xabarlarga ko‘ra, ular Livandagi vositachilar orqali pul yuborib, Suriya qirg‘oqbo‘yi hududlarida tartibsizlik va qo‘zg‘olonlar uyushtirishga urinmoqda. Bu hududlarda asosan Asad oilasi bilan yaqin bo‘lgan alaviylar yashaydi.
Suriya tomoni Livanga qilgan murojaatini rasmiy ekstraditsiya talabi emas, balki xavfsizlik idoralari o‘rtasidagi oddiy so‘rov deb baholagan. Maqsad zobitlarning qayerda ekanini aniqlash, ularning huquqiy holatini tekshirish va ularni javobgarlikka tortish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.
Livan xavfsizlik xizmatidagi uch nafar yuqori lavozimli manba uchrashuvlar bo‘lganini tasdiqlagan. Ulardan biri Suriya tomoni rasmiy ravishda zobitlarni topshirishni talab qilmaganini aytgan. Yana ikki manba esa ayrim shaxslar ro‘yxati berilganini tan olib, ular orasida yuqori lavozimli zobitlar yo‘qligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va Suriya AQSH yordamida aloqa kanalini yaratmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi