Surxondaryoda “elektroset” mansabdori pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
21 avgust 5430 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatida energetika sohasining mansabdor xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filialining Surxondaryo viloyati Oltinsoy tuman bo‘limi boshlig‘i tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi bosh mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirib, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan qarzdorligi bo‘lsada, uni umumiy foydalanishda bo‘lgan elektr tarmog‘iga qayta ulab berish va o‘zida saqlab kelayotgan fermer xo‘jaligiga tegishli elektron hisoblagichni qaytarib berish evaziga 5 mln so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumani hokimi o‘rinbosari 20 ming dollar olganida qo‘lga olingandi. U o‘zining mansab mavqeidan foydalanib, joriy yilning iyun oyida qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan MCHJ tomonidan auksion savdolari orqali yutib olingan 204 gektar sug‘oriladigan yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarmaslik va kelgusida ushbu yerdan erkin foydalanishida rahnamolik qilish uchun 30 ming dollar talab qilgan.
Live
Barchasi