Tojikistondan 100 kg narkotik olib kirganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
20 dekabr 2093 2 daqiqa
Tojikistondan O‘zbekistonga olib kelingan 100 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bulung‘ur tumanida yashovchi, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 2 shaxs 79 kilogramm 358 gramm “opiy” moddasini Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kelib, kelgusida sotish maqsadida xufiya joyga yashirib qo‘yganliklari aniqlangan va ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ko‘rsatma asosida muqaddam dala maydoniga yashirib qo‘yilgan 1 kilogramm 953 gramm “metamfetamin” sintetik narkotik moddasi ham olingan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1994 va 1997 yillarda tug‘ilgan 2 shaxs va Tojikistonning Tursunzoda tumanida istiqomat qiluvchi Tojikiston fuqarosi davlat chegarasini buzgan holda, 30 kilogramm 357 gramm “opiy” moddasini O‘zbekiston hududiga olib o‘tgan vaqtida Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, ular tojikistonlik narkosavdogarga tegishli ushbu moddalarni ma’lum bir haq evaziga belgilangan manzilga yetkazib berishlari kerak bo‘lgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositasining buyurtmachisi hisoblangan, Denov shahrida yashovchi shaxs ham qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246- (kontrabanda) va 273-moddalari (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan olib kelingan giyohvandlik vositasi to‘xtatib qolingandi.
Live
Barchasi