“Tabibimning o‘zi ham bemor”. Ishdan asossiz bo‘shatilgan vazirlik xodimlari pulini ololmayapti
Jamiyat
−
17 Oktabr 11044 4 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi tarkibidagi Kasb-hunarga o‘qitish bo‘limida 2020 yil 14 oktyabrdan 2024 yil 31 dekabrga qadar ishlab chiqarish ta’limi ustasi lavozimida ishlab kelgan fuqaro murojaat qildi. Uning aytishicha, 2024 yilning 26 dekabr kuni o‘zi va bo‘limda faoliyat yuritgan 13 nafar xodimning mehnat shartnomasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi rahbari Abduhalil Rahmonov tomonidan asossiz ravishda bekor qilingan. Xodimlar sudda yutib chiqqaniga qaramay, ijro ta’minlanmayotganidan norozi.
Murojaatchining aytishicha, 2024 yil 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining 347-sonli “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida vazirlik huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etilishi belgilangan. Lekin markaz rahbari Abduhalil Rahmonov 2024 yilning 30 oktyabrida murojaatchi ishlab kelayotgan bo‘limdagi barcha xodimlarga mehnat shartnomasi 2024 yilning 31 dekabriga qadar bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlarini taqdim qilingan va bunga asos sifatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024 yil 23 oktyabrdagi 176-sonli buyrug‘ini ko‘rsatgan.
Vaholanki, ushbu bo‘lim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 4804-sonli qarori asosida “Kasb hunarga o‘qitish bo‘limi” sifatida tashkil etilgan.
Holatdan norozi bo‘lgan 14 nafar xodim sudga murojaat qilgan. Dastlab sudda da’vosi qanoatlantirilmaganidan so‘ng, ular ishga tiklash, moddiy va ma’naviy zarar hisobidan kompensatsiya undirib berishni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga murojaat qilgan. Xodimlar apellyatsiya instansiyasi va taftish sudlarida yutib chiqishgan. Sud ajrimida har bir xodim o‘z lavozimiga qayta tiklanishi, kompensatsiya pullari markaz rahbaridan undirilishi hamda xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga asosan bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq g‘ayriqonuniy deb topilgan. Sud ajrimi 2025 yil 23 may kuni chiqqaniga qaramay, uning ijrosi hanuzgacha bajarilmay kelinmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov nomidan esa 14 nafar xodimga to‘lanishi kerak bo‘lgan 769,0 mln so‘m mablag‘ go‘yoki davlat byudjetiga zarar keltirishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat yo‘llangan.
Bugun, 17 oktyabr kuni vazirlik va murojaatchilar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Suhbat davomida vazirlik sud qarorini qisman bajarmoqchi ekanini, xodimlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan 769,0 mln dan 100 mln qismini berishga tayyor ekanini, markaz rahbari Rahmonov bahorgacha 769,0 mln so‘mni bo‘lib to‘lashini, ammo taftish qarori ustidan Oliy sudga murojaat qilinishini bildirgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi esa markaz mustaqil tashkilot ekanini da’vo qilib, pullarni Rahmonovning o‘zi to‘lashini ma’lum qilgan. Lekin nima uchun vazirlik o‘z tasarrufidagi markazni moliyalashtirmasa, vazir Botir Zohidov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga 14 nafar xodimga to‘lanishi kerak bo‘lgan 769,0 mln so‘m go‘yoki davlat byudjetiga zarar keltirishi haqida xat kiritgani qiziq.
Murojaatchi QALAMPIR.UZ’ga bog‘lanib, ular mutasaddilar bilan o‘zaro kelisha olmaganini aytdi. Tahririyat esa vaziyatga oydinlik kiritish uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining matbuot kotibi Gulnoza Alimova bilan bog‘lanib, rasmiy munosabat so‘radi. Ammo u rasmiy munosabat bermasligini aytdi. Vazirlik voizi sobiq xodimlar bilan kelishuvga erishilgani aytilgan audioyozuv taqdim etib, agar ushbu holat yoritiladigan maqolada vazirlik nomi tilga olinsa, sudga berish bilan dag‘dag‘a qildi.
Bundan tashqari, QALAMPIR.UZ’ga nohaq ishdan olinganini aytib shikoyat qilgan murojaatchi o‘ziga bosimlar boshlanganini aytmoqda. Unga ko‘ra, 15 oktyabr kuni soat 19:35 da murojaatchiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, nega ommaviy axborot vositalariga vazirlik ustidan murojaat qilayotganini so‘rashgan va maqola chiqadigan bo‘lsa, nima bo‘lishini o‘zi yaxshi bilishini aytishgan. Bugun, 17 oktyabrda bo‘lgan majlisda ham ommaviy axborot vositalarida holat e’lon qilinmasligi so‘ralgan.
Live
Barchasi