Daydilar “plani”, o‘chirilgan jarimalar — IIV yuzidagi dog‘lar

Tahlil

Daydilarni tutish bo‘yicha profilaktika inspektorlariga qat’iy talab qo‘yildi. Raqam ham aniq 300 ta. Normani bajarmaslik umuman mumkin emas. Uchastka nozirlari hatto o‘zi yo qarindoshlarini bo‘lsa ham “daydi” sifatida ko‘rsatib, rejani to‘liq yopishi kerak.

Joriy yil 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimining profilaktika inspektorlariga daydi topib, bayonnoma rasmiylashtirishni buyurgani haqida audio va video tarqaldi. 

“Profilaktika inspektorlari, men sizlarga yana qaytib aytyapman, yana bir marta aytyapman: daydi nol bo‘lib yotibdi, vijdonsiz. Daydi yo‘qmi Olmazor tumanida? Daydini qo‘yib yuboraverasanlar protokol yozib. Daydi qani hozir?”, deydi u.

Shuningdek, audioda xodimlar daydi bo‘lmasa qarindoshini daydi qilib ko‘rsatib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishi kerakligi aytilgan.

“Protokollar hamma narsadan nol bo‘lib yotibdi. Hamma yo‘nalishing nol: daydi nol, ma’muriy bayonnoma nol, ma’muriy nazorat nol. E, bu senlar nima o‘zingdan ketib qolganmisanlar, vijdonsiz? Bittang qani daydi qilmachi? Qarindoshingni olib borib yop, daydi qilib. O‘zing dayni bo‘lasan sen”, deydi u. 

Jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokama qilingan bu vaziyat ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Birgina Olmazor tumanida 300 ta daydini tutish “plani” bo‘lsa, Poytaxtning qolgan 11 ta tumaniga ham shunaqa majburiyat qo‘yilganmi? Agar shunday bo‘lsa umumiy 12 ta tumandan 300 tadan uysizlar yig‘ilsa, demak 3600 ta daydi Toshkent ko‘chalarida bor deganimi? Umuman ularni tutishga aniq son bilan chegara belgilab, buyruq berish qanchalik qonuniy? Uysizlarni tutish deganda aynan nima, qanday vaziyatdagi shaxslar nazarda tutilgan? Birovga ziyon bermay, jamoat tartibini buzmay yurganlar ham aytilganmi? Maqsad son jihatdan rejani to‘ldirish xolosmi? Keyinchalik jinoyatchilikni jilovlash deb aytiladimi? Statistika uchun kerakmi? Bu ayrim fuqarolarning ziyoniga ishlamaydimi? Savol ko‘p. Ammo izoh qanday bo‘lishidan qat’iy nazar natija bitta bo‘ladi. Bu ohangdagi va mazmundagi topshiriq jamoatchilik orasida tizimga nisbatan munosabatni so‘roqli hamda undovli qiladi. 

Bugun mana shu Ichki ishlar vazirligi xodimlarining ayrimlari sabab sohaga tushgan dog‘larning ba’zilari haqida gaplashamiz. Ularning ichida yuqoridagi mavzu, turmush o‘rtog‘ining 100 dan ortiq jarimasini mansabidan foydalanib o‘chiritib yuborgan rahbar, PPX xodimini kaltaklagan ukasini himoya qilishga uringan Podpolkovnik, fuqaroni avtomashinasida urib yuborib, jinoyatini yashirish maqsadida murdani kanalga oqizgan tezkor xodim va jinoyatchilarga pul evaziga yordam bermoqchi bo‘lgan maxsus forma egalari bor.
Ko‘pchilikning fikri bo‘yicha, aslida, tanqid qilish oson. Rostdan ham Ichki ishlar tizimi shu darajadaki, biz bilmagan qanchadan-qancha xavflar oldi olinadi, ma’lum bir sabablarga ko‘ra ular ochiqlanmaydi, qahramonlik ko‘rsatganlar ham o‘z ishini maqtanib chiqmaydi. Ular sabab xavfsizlik ta’minlangan, tunda xotirjam uyquga ketamiz, ota-onalar yosh bolalarini ham bexavotir maktabga jo‘natadi.

Chunki ishonch bor! 

Tizimda o‘z qasamyodiga sodiq, har qanday poradan vazifasini ustun ko‘radigan, hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da adolatni himoya qilayotgan asl posbonlar juda ko‘p. Lekin bu soha shu qadar mas’uliyatliki, unga tushgan mingta rahmat birgina qora dog‘ning soyasida qolib ketishi mumkin. Birgina xodimning xatosi, minglab halol hamkasblarining yillar davomida yiqqan obro‘siga putur yetkazadi. Biz bugun bu xunuk holatlarni sohani yomonlash uchun emas, balki o‘sha tizimning asliyatini asrash, xalqning ishonchini himoya qilish uchun gapirishga majburmiz. Zero, adolat hamma uchun barobar bo‘lishi kerak.

Oxirgi kunlarning eng ko‘p e’tibor jalb qilgan, kimlardir kesatib gapirayotgan, ayrimlar kulayotgan va ba’zilar mantiqsizlik deya baholayotgan, biroq yana bir qancha shaxslar to‘g‘ri harakat deb e’tirof etayotgan holat 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Kimlar uchundir g‘alati ko‘ringan “daydilarni tutish” topshirig‘ini Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi beryapti. “Hamma narsadan nol bo‘lib yotibdi. Hamma yo‘nalishing nol: daydi nol, ma’muriy bayonnoma nol, ma’muriy nazorat nol” deb tuman sha’ni uchun qayg‘urayotgan xodimning gapidan anglash mumkinki demak qaysidir yo‘nalishlarda nol umuman bo‘lmasligi kerak. Ammo bu biroz g‘alatimasmi? Bundan “plan” qo‘yilgan degan xulosaga kelish mumkinmi?

Biroq rasmiy munosabatda hech qanday reja va son talab sifatida qo‘yilmagani aytildi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi. 

Mazkur yo‘nalishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan har bir xodmga biror bir “plan” bajarish yuklatilmagan. Lekin ularning vazifasi jamoat tartibini buzayotgan shaxslarni aniqlash. Ommaviy axborot vositalaridan bu masalada ob’ektiv bo‘lishlarini va har qanday masalada o‘z vazifasini bajarib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlaridan kamchilik qidirmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi munosabatda.

Rasmiy izohda shunday. Biroq topshiriq berayotgan Abror Xudoyberdiyevning mana bu gaplarini o‘qing. Keyin davom etamiz.

“Profilaktika inspektorlari, mana hozir men va’da berdim. Soat 12:00 gacha 300 ta qilishim kerak. Hozir og‘ayni, bittang agar “parod” qilsang xafa bo‘lma. Hammang – “noch-poch”, hamma chiqsin hozir. Men o‘zim ham chiqaman, mana”, deydi u. 

Xo‘sh nimaga bir soat vaqt qoldi? 22:00 da nima bo‘yicha hisob-kitob qilinadi? Nega protokollar sonini 500 taga chiqarish kerakligini aytgan. Bu va’da kimga berilgan? Hammani ko‘chaga chiqib bayonnoma rasmiylashtirishi kerakligini, hatto o‘zi ham chiqishini aytadigan darajada kim talab qo‘yyapti? Afsuski bu savollarga javob yo‘q. Hozirda tekshiruv tayinlangan.

Yuqorida aytganimizdek bu soha vakillari bilan aloqador hodisalar, ayniqsa salbiy voqealar tezda ko‘zga ko‘rinadi. Hatto o‘zi emas, ularning yaqinlari qoidabuzarlik qilsa ham otiladigan tana toshlari birinchi bo‘lib forma egasiga tegishi mumkin. Isbotini yaqindagina ko‘rgandik.

Joriy yil 30 mart kuni tunda Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ko‘chalarning birida mast haydovchi raqamsiz Malibuni boshqargan, boshqa bir avtomobil bilan to‘qnashgan, keyin esa u haydovchi bilan janjallashgan. Shundan so‘ng fuqaro 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyat yuzasidan shikoyat qilgan. Voqea joyiga kelgan YPX va PPX xodimlariga esa spirtli ichimlik iste’mol qilgan qoidabuzar jiddiy qarshilik ko‘rsatgan, hatto xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning biriga zarba ham bergan.

Aslida bu kabi janjalli holatlar ba’zi-ba’zida kuzatilib turadi. Ammo ayni shu holat kabi bu qadar ko‘p muhokama qilinmaydi. Buning sababi sifatida aynan o‘sha musht otgan shaxsning akasi podpolkovnik ekani va janjal paytida u ham o‘sha yerda bo‘lganini ko‘rsatish mumkin. Video davomida ham holatni tasvirga olayotgan shaxs tomonidan bu jihat bir necha bor tilga olingan.

Videodan anglash mumkinki, aka-uka bir mashinada ketayotgan bo‘lgan. Ya’ni ukasi mast holatda o‘tirganini aka juda katta ehtimol bilan bilgan. Biroq uni to‘xtatmagan degan xulosaga kelish mumkin. Xodimga musht tushirgan mast fuqaro qilar ishni qilib qo‘yib, akasiga bir necha marotaba umid ko‘zi bilan qaragani, hozirda sobiq Podpolkovnik deb atalayotgan shaxs esa ukasini bu qilmishini qoralaganini ko‘rish mumkin.

Ukaning bu qilmishi akaga ham qimmatga tushdi. 3 aprel kuni podpolkovnik ishdan olindi. Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda janjalli holat xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish ehtimolini ko‘rsatuvchi salbiy holat sifatida baholangan. Ha, ishonib berilgan vakolatdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Biroq podpolkovnik darajasiga yetish ham oson emasligi aniq. Ukasining kayfda qilgan ishi sabab umrining katta qismini sarflab erishgan maqomidan bir necha daqiqada ayrilgan aka bu darajaga kelish uchun nechchi yillik yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lishi mumkin?

Keling ko‘rib chiqamiz!

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarida podpolkovnik unvoniga chiqish uchun xodimdan nafaqat vaqt, balki ma’lum bir lavozimda faoliyat yuritish ham talab etiladi. Bu jarayon “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom” bilan tartibga solingan. O‘rtacha hisobda, agar xodim xizmatni leytenant unvoni bilan boshlasa, podpolkovnik darajasiga yetishi uchun kamida 15-18 yil vaqt talab etiladi. Bu muddatni pog‘onama-pog‘ona tahlil qiladigan bo‘lsak, har bir unvonni keyingisiga almashtirish uchun belgilangan minimal muddatlar bor: leytenantdan katta leytenantgacha 2 yil. Katta leytenantdan kapitangacha 3 yil. Kapitandan mayorgacha 4 yil. Mayordan podpolkovnikgacha 5 yil. Shunda jami “unvonda yurish” muddatining o‘zi 14 yilni tashkil etadi. Lekin bu hali hammasi emas. Podpolkovnik unvonini olish uchun xodim odatda ofitserlik tarkibiga kirishi kerak. Bu esa IIV Akademiyasida o‘qishni nazarda tutadi. Kunduzgi ta’limda o‘qish muddati bo‘lgan 3 yil ham xizmat stajiga qo‘shiladi. Agar xodim oddiy safdorlikdan boshlab, keyin ofitser bo‘lgan bo‘lsa, bu muddat yanada uzayishi mumkin. 

IIV tizimidagi xodim va yaqin qarindoshlar haqida gap ketganda shov-shuvga sabab bo‘lgan 106 ta jarimaning o‘chirib berilgani yodingizga kelsa kerak. 2025 yil 4 iyulda Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘i podpolkovnik Akmal Baxtiyorovich Ahmedovning turmush o‘rtog‘iga tegishli ekani aytilgan Malibu-2 da 106 ta qoidabuzarlik sodir etilgan. Ammo ular viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i kapitan Umaraliyev qarori bilan o‘chirib yuborilgan. 

“Farg‘onada qonunsizlik va korrupsiya avj olayapti” deb e’tirozlar ko‘paygach, viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, YHXBning 5 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo tayinlangandi. Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedov esa egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Avtomashinaga belgilangan jarimalar davlat foydasiga to‘liq undirilgan. Jazo-ku berildi, ammo odamlar miyasiga joylashgan “ha demak imi-jimida o‘zlarini ishini yopib yuborarkanda” degan fikr qanchalik o‘chdi, bu dargumon. Shu sabab ham bir nechta shaxsning qilmishi bilan butun tizimga nisbatan fikr shakllanishini unutmaslik kerak!

Navbatdagi dog‘ esa odam o‘limi bilan tugagan va jinoyat yashirilgan pallada tushgan. Bekobod shahar IIBning katta tezkor vakili mast holatda avtomashina boshqarib, 43 yoshli piyodani urib yuborgan. Avtohalokat oqibatida erkak vafot etgan. Voqea 2025 yilning 11 dekabr kuni Bekobod tumani “Qoraqo‘yli” mahalla hududidan o‘tgan “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
IIB xodimi jinoyat izini yashirishga urinib, xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan va Matiz’da u aytgan joyga yetib kelishini tayinlagan. So‘ng jasadni o‘zining Nexia’sidan Matiz’ga olib o‘tgan. Uni voqea joyidan, taxminan, 35-40 km uzoqlikdagi “Do‘stlik” kanaliga oqizib yuborgan. 2025 yilning 12 dekabr kunidan boshlab erkakning jasadi maxsus bo‘lim xodimlari tomonidan qidirilgan. Qariyb 80 kun o‘tib uning murdasi suvga tashlangan joydan 4-5 km uzoqlikdan topilgan.

O‘sha tunda, mastlik va tezlik tufayli 43 yoshli bir insonning hayoti uzildi. Hodisani sodir etgan shaxs — jinoyatga qarshi kurashishi, adolatni qaror toptirishi kerak bo‘lgan soha vakili edi. U ham inson, u ham o‘sha soniyalarda qo‘rqqandir, shoshib qolgandir... Shokka tushgandir... Ammo oddiy odam va maxsus forma kiygan xodimning farqi — mas’uliyatda. Jinoyatchini topishi kerak bo‘lgan odam, o‘zi jinoyatchiga aylandi. U qurbonga yordam ko‘rsatish, “tez yordam” chaqirish yoki aybiga iqror bo‘lish o‘rniga, qilgan qasamyodiga qarshi yo‘lni tanladi — izlarni yashirishga urindi. Adolatni himoya qiladigan qo‘llar jasadni kanalga otar ekan, nafaqat bir inson, balki tizimga bo‘lgan ishonchning yana bir bo‘lagi ham o‘sha loyqa suvda oqib ketdi.

Keyingi dog‘lar esa jinoyatni yashirish uchun olingan pora bilan bog‘liq. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasining va Shayxontohur tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining katta tezkor vakillari aniqlangan jinoyatdan manfaat olishmoqchi bo‘lgan. Ular Olmazor tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan fuqaroning yonidan 3 gramm “gashish” topilgani holati yuzasidan uni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2200 AQSH dollari so‘ragan. Hatto, avvalroq gumondordan 1000 AQSH dollari olgan. Tezkor vakil qolgan 1200 AQSH dollarini ko‘chada yo bir hilvat joydamas, qonun ustunligini ta’minlash uchun unga ajratib berilgan xizmat xonasida olayotgan vaqtida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.

Bunaqa holatlar Respublikaning turli joylarida ham afsuski tez-tez aniqlanyapti. Masalan: Toshkent viloyatida IIVning Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimi iste’molga yaroqsiz go‘shtni olib kirishga urinayotgan erkakka chora ko‘rmaslik evaziga 500 AQSH dollari olgan paytda ushlangan.

Samarqand viloyatida esa Pastdarg‘om tumani IIB profilaktika inspektori ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha fuqaroga chora ko‘rmaslik evaziga 800 dollar olayotganda qo‘lga olingan.

Namangan viloyati, Davlatobod tumanida esa II Bo‘limi patrul-post xizmati xodimi fuqaroning avtomobilida giyohvand moddasi topilgach, tegishli choralarni ko‘rmaslik evaziga 11 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni pora sifatida olayotganda qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida esa ikki nafar IIBo‘limi xodimi o‘g‘rilik ishini bosti-bosti qilish evaziga pora talab qilgan. Ular Xovos tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘rilab ketilgani holati bo‘yicha gumon qilib, 4 fuqaroni majburiy tarzda IIB binosiga olib kelgan. Ishni imi-jimida hal qilish uchun 55 mln so‘m so‘ragan. Tezkor-qidiruv xizmatining bu ikki xodimining birida podpolkovnik ikkinchisida esa mayor unvoni bo‘lgan. Barcha vaziyat bo‘yicha tizimga dog‘ tushirganlar lavozimidan ozod qilinib, chora ko‘rilgan.

O‘tgan yilning o‘zida tizimdan yuzlab xodim aynan mana shunday qilmishlari, ya’ni qasamyodiga sodiq qolmagani uchun chetlatildi. Bu raqamlar ortida tizim tozalanayotgani ko‘rinsada, ikkinchi tomondan o‘sha tozalangan o‘rinlarni kimlar egallayotgani haqidagi og‘riqli savol tug‘iladi. Zero, davlat bergan formani kiyish — bu imtiyoz emas, bu — xalqning ishonchi oldidagi qarzdorlikdir.

Eng muhim bo‘lgan davlatning ichki ishlariga aloqador odam jinoyat sodir etsa, u nafaqat o‘zining, oilasining, balki butun boshli davlat idorasining sha’niga loy chaplaydi. Toki quyi tizimda “plan” yo “reja” tushunchasi inson taqdiridan ustun turar ekan, toki yuqori darajali ofitserlar o‘z vakolatini yaqinlarining “qalqoni” deb bilar ekan — bunday dog‘larni yuvish qiyin bo‘laveradi. Chunki fuqarolar Ichki ishlar xodimi timsolida qonunni va uni ishlash darajasini taniydi.


Maqola muallifi

Teglar

pora O'zbekiston Respublikasi profilaktika inspektori Ichki ishlar spirtli ichimlik jinoyatchilar xodimlar qoidabuzar PPX xodimi Jamoatchilik profilaktika inspektorlari Toshkent shahar Olmazor tumani

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing