Tailand qiroli parlamentni tarqatib yubordi
Olam
−
12 dekabr 2075 2 daqiqa
Tailand qiroli Maxa Vachiralongkorn quyi palatani tarqatib yuborish haqidagi farmonni ma’qulladi. Bu esa 2026 yil boshida umumxalq saylovlarini o‘tkazishga yo‘l ochadi. Bu haqda bugun, 12 dekabr kuni “The Nation” xabar berdi.
Bosh vazir Anutxin Chanvirakun tomonidan imzolangan farmonda parlament tarqatib yuborilishining asosiy sababi sifatida uning ma’muriyati “ozchilik hukumati” maqomida ekani ko‘rsatilgan.
“Hozirgi ma’muriyat 2025 yil sentyabrida lavozimga kirgan, bir-biri bilan koalitsiya tuzgan bir nechta partiyalardan iborat bo‘lib, ular Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi”, deyiladi hujjatda.
Shu bilan birga, mamlakat oldida turgan eng muhim masalalarni samarali hal qilish uchun barqaror hukumat zarur ekani, ozchilik hukumati bilan davom etish esa siyosiy beqarorlikka olib kelishi, bu esa davlatning iqtisodiy tizimiga va xalqaro ishonchga zarar yetkazishi mumkinligi qayd etilgan.
“Eng maqbul yechim – Vakillar palatasini tarqatib, yangi umumxalq saylovlarini o‘tkazish, bu orqali xalqqa siyosiy qarorlar qabul qilish vakolatini qaytarishdir”, deyiladi farmonda.
Tailand Konstitutsiyasiga ko‘ra, qirol farmonni tasdiqlaganidan keyin 45-60 kun ichida saylov komissiyasi umumxalq saylovlarini o‘tkazishi shart.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolgariya Bosh vaziri Rosen Jelyazkov mamlakatdagi iqtisodiy siyosat va korrupsiyaga qarshi samarali kurashilmayotgani uchun bir necha hafta davom etgan ko‘cha namoyishlaridan so‘ng hukumatining iste’fosini taqdim etgandi.
Live
Barchasi