Tailand o‘zbekistonliklar uchun vizasiz qolish muddatini qisqartirdi

Olam

image

Bugun, 20 may kuni Tailand hukumati xorijliklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortayotgani sabab 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilgan vizasiz muddatni qisqartirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Yangi tartiblarga ko‘ra, avval 93 davlat, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropaning Shengen hududi davlatlari hamda Avstraliya fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilinadi. Bu ro‘yxat orasida O‘zbekiston ham bor. Endilikda sayyohlar Tailandda vizasiz faqat 30 kungacha qolishi mumkin.

Shuningdek, sayyohlar immigratsiya idorasiga murojaat qilish orqali vizani bir marta uzaytirishi mumkin bo‘ladi. Ammo bu qaror immigratsiya xodimlari tomonidan individual tarzda ko‘rib chiqiladi va sayyohlardan nega uzoqroq qolayotgani izohlanishi talab etiladi.

Tailand hukumati vakili Rachada Dhnadirekning aytishicha, turizm iqtisodiyot uchun muhim foyda keltirayotgan bo‘lsa-da, amaldagi tizim ayrim shaxslar tomonidan suiiste’mol qilingan.

Qayd etilishicha, xorijlik sayyohlar ishtirokidagi do‘kon o‘g‘riligi, jamoat joylarida noo‘rin harakatlar kabi holatlar internetda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, ayrim xorijliklar vizaning amal qilish muddatidan ortiq qolib ketayotgani va turistik hududlarda noqonuniy biznes yuritayotgani bo‘yicha xavotirlar kuchaygan.

Tailand rasmiylari transmilliy jinoiy guruhlar ham immigratsiya qonunlaridan foydalanayotganini bildirgan.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sihasak Phuangketkeovning ta’kidlashicha, yangi choralar muayyan davlat fuqarolariga qarshi emas, balki viza tizimini jinoyat sodir etish uchun ishlatayotgan shaxslarga qaratilgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, vizasiz kirish imkoniyati saqlanib qoladigan davlatlar soni ham 57 tadan 54 tagacha qisqartiriladi. Biroq bu ro‘yxat hali ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya parlamenti xorijiy kompaniyalarda masofadan turib ishlovchi chet elliklar - “raqamli ko‘chmanchilar” uchun C5 toifasidagi yangi vaqtinchalik vizani joriy etishni ma’qullagandi. Mazkur vizaning amal qilish muddati 12 oy etib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

viza O'zbekiston Tailand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing