Taksichilarni qo‘rqitib, ulardan pul undirgan jinoiy guruh ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkentda taksichilik bilan shug‘ullangan shaxslardan 810 dollar miqdorida oylik to‘lov undirgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning arizasiga ko‘ra, viloyat hududidan Toshkent shahri – Yashnobod tuman yo‘nalishida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi haydovchilarga tahdid qilib, haq-huquqlarni toptab, noqonuniy pul topish maqsadida o‘zboshimchalik bilan oylik to‘lov joriy qilgan guruh qo‘lga olingan.

Xususan, “Bichok” laqabli 1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Sh.U. (muqaddam 3 marotaba Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan sudlangan) jinoiy sheriklari bilan birgalikda Damas rusumli avtomashina haydovchisini urib tan jarohat etkazgan. Sportning turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanib kelgan ushbu shaxs haydovchining tirikchilik manbai bo‘lgan avtomashinasi kalitini zo‘rlik ishlatib olib qo‘ygan.

Bundan tashqari, jinoiy guruh doimiy ravishda haydovchilarning yo‘nalishda harakat qilishiga to‘sqinlik qilib kelgan. Ariza muallifini ham hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazish bilan qo‘rqitib, kelgusida Yashnobod tumani hududiga qatnovni amalga oshirish evaziga oldindan ikki oylik to‘lov sifatida 810 dollar olgan. Keyingi to‘lovlarni to‘liq berolmagani sababli yo‘nalishga chiqishini o‘zboshimchalik bilan taqiqlagan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh yetakchisi va uning sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoiy guruh harakatlaridan aziyat chekkanlar ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida O‘zbekistonning jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudrati yetishini va buni albatta qilishini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Denov tumanida fuqarolarga turli yo‘llar bilan tahdid qilib ularga tegishli moddiy boyliklarga zo‘rlik ishlatib tortib olish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

tovlamachilik jinoiy guruh Taksichi Bыchok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing