Tarixdagi eng yirik neft inqirozi yuz berishi mumkin – XEA
Olam
−
14 aprel 4532 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi urush tufayli 2026 yilda dunyoni tarixdagi eng yirik neft inqirozi kutmoqda. Bu haqda Xalqaro energetika agentligiga tayanib, (XEA) “Reuters” xabar berdi.
XEAning neft bozori holati bo‘yicha oylik hisobotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi energetika ob’ektlariga berilgan zarbalar va Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi neft qazib olish hamda eksportga salbiy ta’sir ko‘rsatgani fonida, joriy yilda taklif kuniga 1,5 million barrelga qisqaradi.
Agentlik Yaqin Sharqdagi urushni neft yetkazib berishdagi tarixdagi eng yirik uzilish deb atagan va u “neft iste’molining global istiqbollarini butunlay ostin-ustun qilib yuborganini” qayd etgan.
XEA prognoziga ko‘ra, 2026 yilda taklif talabdan atigi 410 ming barrelga ko‘proq bo‘ladi, vaholanki o‘tgan oyda 2,46 million barrellik ortiqcha ta’minot (profitsit) prognoz qilingan edi.
Energetika ob’ektlariga hujumlar va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi mart oyida kuniga 10,1 million barrel yetkazib berishning yo‘qotilishiga olib kelgan. Aprel oyida bu ko‘rsatkich yana 2,9 million barrelga oshishi mumkin. 2026 yilning ikkinchi choragida talabning 1,5 million barrelga kamayishi prognoz qilinmoqda, bu COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri eng chuqur pasayish bo‘ladi.
“Defitsit va yuqori narxlar saqlanib qolar ekan, talabning qisqarishi yanada kengayadi”, deb bayonot berdi XEA.
Tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, hozirda neft iste’molining eng sezilarli darajada kamayishi Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, xususan, nafta, suyultirilgan neft gazi va aviatsiya yoqilg‘isi yo‘nalishlarida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning topshirig‘iga binoan Amerika harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida rasman blokada boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi