Tayvan Xitoyga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirmoqchi

Olam

image
Xitoy O‘zbekistonni Tayvan masalasida ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi north_east

Xitoy O‘zbekistonni Tayvan masalasida ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi

Tayvan Xitoydan kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga qarshi turish uchun qo‘shimcha 40 milliard dollarlik mudofaa xarajatlarini rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda hukumat mudofaa uchun 949,5 milliard Tayvan dollari (taxminan 30,3 milliard AQSH dollari) ajratmoqchi. 2030 yilga kelib bu mablag‘ 39,89 milliard dollarga yetishi ko‘zda tutilmoqda. Ammo bu reja hali parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Tayvandagi eng yirik muxolifat partiyasi – Gomindan rahbari Chjen Li Vun avval ham mudofaa xarajatlarining oshirilishiga qarshi chiqqan. Bu safar u byudjetga qarshi ovoz berishini aniq aytmagan bo‘lsa-da, prezident Lay Ching-te'ni “bu qarordan voz kechishga” chaqirdi.

“Biz urushdan uzoq bo‘lishni, urushdan qochishni istaymiz”, dedi Chjen partiya yig‘ilishida.

Bu munosabat Yaponiyaning Bosh vaziri Sanae Takaiti Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi Yaponiya tomonidan harbiy javobga sabab bo‘lishi mumkinligini aytganidan so‘ng bildirildi. Oqibatda Xitoy va Yaponiya o‘rtasida Tayvan masalasidagi keskinlik kuchaydi.

Pekin esa Tayvanning “tashqi kuchlarga ortiqcha tayanayotgani”ni tanqid qildi. 

“Xalq hayotini yaxshilashga sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar qurol-yarog‘ sotib olishga ketmoqda. Bu Tayvanni falokatga yetaklaydi”, dedi Xitoyning Tayvan ishlari bo‘yicha idorasi vakili.

Tayvan yetakchisi Lay Ching-te esa AQSH bilan aloqalari mustahkamligini ta’kidlab, Prezident Trampning: “Tayvan bu – Tayvan”, degan so‘zlarini misol keltirdi. Uning aytishicha, bu izohning o‘zi AQSHning munosabatini ko‘rsatib turibdi.

Layning fikricha, Tayvanning kelajagini faqat o‘z xalqi hal qilishi mumkin. Pekin esa Layning muloqot haqidagi takliflarini bir necha bor rad etib, uni “ayirmachi” deb atagan.

Ma’lumot uchun, AQSH va Tayvan o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar bo‘lmasa ham, AQSH Tayvanga mudofaa vositalarini yetkazib berishi shart. Shunga qaramay, Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri Tayvanga faqat bir marta qiruvchi samolyotlar va ehtiyot qismlar uchun 330 million dollarlik qurol-aslaha paketi ma’qullangan.

“Reuters”ga ko‘ra, AQSH Xitoyning harbiy bosimini kamaytirish maqsadida Tayvanga qurol yetkazib berishni yanada kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy fuqarolik flotini Tayvanga qarshi operatsiyaga tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda tayyorgarlik ko‘lami Ikkinchi jahon urushidagi Normandiya operatsiyasidan ham oshishi mumkinligi aytilgandi.

Komila Qobilova

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing