Tehron Isroilning yadroviy markazi yaqiniga zarba berdi

Olam

image

Bugun, 22 martga o‘tar kechasi Isroil janubidagi Dimon shahridagi yadroviy ob’ekt yaqiniga Eron tomonidan berilgan ikkita yirik zarba oqibatida 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) xabar berdi.

Isroilning “Magen David Adom” (MDA) qutqaruv tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Dimonda 33 kishiga, Dimondan shimolda joylashgan va raketaning binoga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbasi qayd etilgan Arad shahrida esa 75 kishiga yordam ko‘rsatilgan.

“Dimonda ham, Aradda ham raketaga qarshi tizimlar ishga tushirilgan, biroq ular nishonga tegmagan. Oqibatda og‘irligi bir necha yuz kilogramm bo‘lgan jangovar kallakli ballistik raketalar ikkita binoga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilgan”, deyiladi xabarda.

Ikki bino vayron bo‘lishidan tashqari, yana uchta bino jiddiy zarar ko‘rgan, ulardan birida yong‘in chiqqan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi og‘ir yaralangan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirishni davom ettirmoqda.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “juda og‘ir oqshom”dan so‘ng Isroil “barcha jabhalarda o‘z dushmanlariga zarba berishni davom ettirishga” qaror qilganini ta’kidlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yaradorlar orasida og‘ir jarohat olgan 10 yoshli bola bor. Shuningdek, 30 yoshlar atrofidagi ayolning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekani aytilmoqda. Qolgan jabrlanganlar yengil jarohat olgan yoki shok holatiga tushgan.

Dimondagi atom ob’ekti Negev sahrosida, shu nomdagi shahardan tashqarida joylashgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yadroviy tadqiqotlar markazidir. Biroq, ushbu ob’ekt yadro quroli ishlab chiqarish uchun xizmat qilishi haqidagi qarashlar keng tarqalgan. Isroil hech qachon yadro quroliga egaligini rasman tasdiqlamagan, lekin buni inkor ham etmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron AQSH va Isroilni Natanzdagi uranni boyitish majmuasiga hujum qilishda ayblagandi. Eronning atom energiyasi bo‘yicha tashkiloti ushbu hodisani “xalqaro qonunlar va majburiyatlar, jumladan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning buzilishi” deb atagan.

Eron rasmiylari kecha, 21 mart kuni kechqurun davlat televideniyesi efirida Dimon shahriga berilgan raketa zarbasi aynan ushbu hujumga javob ekanini bildirgan. O‘z navbatida, Isroil Natanzdagi yadroviy ob’ektga qilingan hujumga o‘z harbiylarining aloqador emasligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Dimon Arad yadroviy markaz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing