Guterrish Yaqin Sharqdagi mojaroga kim chek qo‘ya olishini aytdi
Olam
−
12:35 6822 1 daqiqa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi mojarolarni to‘xtatish AQSHning siyosiy irodasiga bog‘liqligini aytdi. Bu haqda u “Politico” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
BMT rahbari tomonlarni mojaroni deeskalatsiya qilishga (yumshatishga) chaqirgan.
“Urush to‘xtashi kerak... va men buni to‘xtatish aynan AQSHning qo‘lidan kelishiga ishonaman. Bu mumkin, ammo barchasi buni amalga oshirish uchun siyosiy irodaga bog‘liq”, deb hisoblaydi Guterrish.
Bosh kotibning taxminicha, Isroilning strategiyasi – Eronning harbiy salohiyatini butunlay yo‘q qilish va rejimni o‘zgartirishga erishishdan iborat. Eronniki esa bunga qarshilik ko‘rsatish va maksimal darajada zarar yetkazishdir.
Guterrishning fikricha, mojaroga yechim topish kaliti AQSHda mavjud. Bundan tashqari, diplomat kuchayib borayotgan hujumlar va energetika ob’ektlariga berilayotgan javob zarbalari fonida mojaroning har ikki tomoni – AQSH-Isroil va Eron – harbiy jinoyatlar sodir etgan bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.
“Men hech qanday farqni ko‘rmayapman. Tinch aholiga kim zarba berayotgani ahamiyatsiz. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori o‘rinbosari Karl Skau Yaqin Sharqdagi mojaro ochlikdan aziyat chekuvchilar sonining 45 million kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi