Tramp Eron bilan murosaga kelish niyati borligini bildirdi
Olam
−
30 yanvar 1727 2 daqiqa
Prezident Donald Tramp Pentagon Yaqin Sharq masalasida har qanday buyruqni bajarishga tayyor turganini aytdi. Shunga qaramay u Eron bilan gaplashib olishni rejalashtirayotganini bildirdi. U bu haqda kecha, 29 yanvar kuni Oval ofisida bo‘lib o‘tgan tadbirda jurnalistlarga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Tehron bilan muzokaralarga kirishishga tayyorligini aytgan. Biroq, u qachon yoki kim rahbarligida jarayonlar amalga oshirilishini ma’lum qilmagan.
“Men buni rejalashtirmoqdaman. Hozirda bizda juda katta va kuchli kemalar Eronga suzib ketmoqda, agar ulardan foydalanishga majbur bo‘lmasak, juda yaxshi bo‘lar edi”, deydi Tramp.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Tramp o‘z variantlarini ko‘rib chiqmoqda, ammo Eronga zarba berish-bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilmagan. Eronda sodir bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng AQSH–Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan. Shuningdek, AQSH tomon Eronning yadroviy imkoniyatlardan foydalanishiga qattiq qarshilik ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Trampning shartiga javob qaytargani haqida xabar berilgandi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron har qanday tajovuzga darhol va qat’iy javob berishga tayyorligini bildirdi.
“Bizning jasur Qurolli kuchlarimiz– quruqlik, havo va dengizga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzga zudlik bilan va qat’iy javob berishga tayyor, barmoqlar tetik. 12 kunlik urush davomida olingan muhim saboqlar bizga yanada kuchliroq, tezroq va samaraliroq javob qaytarish imkonini berdi”, degan Aroqchi.
Shu bilan birga, Aroqchi Eron har doim o‘zaro manfaatli, adolatli va teng huquqli yadroviy kelishuv tarafdori bo‘lib kelganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy qurol Eronning xavfsizlik rejalari tarkibiga kirmaydi va mamlakat hech qachon uni qo‘lga kiritishga intilmagan.
Live
Barchasi