Tesla Ilon Maskka 1 trln dollar miqdorida mukofot to‘laydi

Olam

image

Tesla investorlari kompaniya rahbari Ilon Maskka boshqaruvdagi yutuqlari uchun deyarli bir trillion dollarlik mukofot to‘lashni ma’qulladi. Bu haqda aksiyadorlarning yillik yig‘ilishi translyatsiyasi davomida ma’lum qilindi.

“2025 yildagi yutuqlar uchun kompaniyamiz asoschisi va bosh direktori Ilon Maskni mukofotlash masalasida 75 foizdan ortiq ovoz “ha” deb berildi. Qaror qabul qilindi”, dedi kompaniya vakili yig‘ilishda.

Biroq Mask ushbu mukofotni faqat kompaniya kapitallashuvi keyingi o‘n yil ichida yana 7,5 trillion dollarga oshgan taqdirda olishi mumkin. To‘lov bir necha bosqichda amalga oshiriladi va u erishilgan natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Hozirda Tesla ning bozor qiymati qariyb 1,5 trillion dollarni tashkil etadi.

CNBC telekanalining xabar berishicha, Mask aksiyadorlar unga bir trillion dollarlik mukofot to‘lashni ma’qullamasa, kompaniyani tark etish bilan tahdid qilgan. Ushbu mukofotning maqsadi – kompaniya rahbarining kelgusida ham Tesla faoliyatiga to‘liq e’tibor qaratishini ta’minlash.

Ma’lumot uchun, Tesla Motors kompaniyasi 2003 yilda elektr avtomobillar va ular bilan bog‘liq texnologiyalarni ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya nafaqat elektromobillar, balki o‘z texnologiyasi asosida batareyalar va elektromotorlar ishlab chiqadi va ularni Toyota hamda Daimler kabi avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga ham sotadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla o‘zining ikkita eng mashhur elektromobil modelining yangi versiyalarini taqdim etgandi. Ular oldingi versiyalarga qaraganda taxminan 5 000 AQSH dollar arzonroq sotiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilon Mask Tesla

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing