G‘azo tinch! Ammo qachongacha?
Tahlil
−
14 Oktabr 3103 9 daqiqa
Dunyo liderlari Isroilning G‘azodagi genotsidini rasman to‘xtatuvchi kelishuvni imzoladi. Nomi faqat ko‘ngilochar sayyohatlar bilan bog‘langan Misrning Sharm al-Shayx shahri bu safar asr fojiasiga nuqta qo‘ygan tarixiy voqelikka mezbonlik qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Misr rahbari Abdulfattoh as-Sisiy, Qatar amiri Tamim bin Hamad va AQSH Prezidenti Donald Tramp birgalikda G‘azodagi qirg‘inlarga uzil-kesil yakun yasagan hujjatga imzo chekdi. Ammo bu yakunni hali ham “hozircha” degan qo‘shimcha bilan atashga majburmiz. Chunki bir tomonda Isroil borligi istalgan paytda butun dunyo birgalikda harakat qilgan va eng yuqori darajada imzolagan hamda tasdiqlangan kelishuvlarning bekor bo‘lishi ehtimoli borligini aytadi. Chunki yillar davomida yahudiy davlati tomonidan buzilmagan xalqaro huquq mezonlari deyarli qolmadi. Noqonuniy anneksiyadan tortib – qatliomlar, insoniyatga qarshi boshqa jinoyatlar, shuningdek, ko‘plab rezolyutsiyalarni hamda turli sulh-u otashekesimlar shular jumlasidandir. Lekin hech bo‘lmaganda bugungi vaziyatga ko‘ra, G‘azoda tinchlik o‘rnatildi. Genotsid to‘xtadi!
Trampning Isroilga tashrifi
Kuyovi Jared Kushner va maxsus vakili Stiv Uitkofflarning Isroilga tashrifidan ko‘p o‘tmay, Donald Tramp ham 13 oktyabr kuni Ben Gurion aeroportiga qo‘ndi. Uni butun umr “G‘azo qassobi” degan nom bilan yashashga mahkum va endilikda Erdo‘g‘an kabi liderlar tomonidan bir xonada nafas olishga jirkaniladigan Binyamin Netanyaxu ayoli Sara bilan kutib oldi. Trampning kuyovi Jared Kushner hamda qizi Ivanka Tramp allaqachon shu yerda edi. Asosan, Isroil parlamenti Knessetda nutq so‘zlash uchun borgan Tramp majlis binosiga yo‘l olarkan, jurnalistlarga urush rasman tugab bo‘lganini ma’lum qildi. Uning Knessetdagi chiqishi esa voqeliklarga boy bo‘ldi. Uning parlamentga tashrifi chog‘ida yig‘ilganlarning aksariyatiga “Tramp tinchlik Prezidenti” so‘zlari yozilgan qizil kepkalar tarqatildi. Dunyo e’tiborini birinchi bo‘lib Trampga qarshi shovqin ko‘targan deputatlar tortdi. Ammo ular zudlik bilan zaldan chiqarib yuborildi.
Tramp nutqidagi eng muhim qism bu – uning Isroil Prezidentidan Bosh vazir Netanyaxuni avf qilishni so‘ragani bo‘ldi. Ko‘pchilikka ma’lum, Netanyaxuga bir necha yillardan buyon uchta ish bo‘yicha ayblov qo‘yib kelinmoqda. Bular poraxorlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish kabi ishlardir. Xususan, u boy tadbirkorlardan qimmatbaho sovg‘alar – sigara va shampanlar olganlikda, shuningdek, OAVga ijobiy yorituv evaziga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda ayblanadi. Donald Tramp esa Isroil Prezidenti Isxar Gersogga korrupsiya ishi bo‘yicha sud qilinayotgan Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni afv etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Knesset a’zolari esa bu chaqiriqni turlicha qabul qildi. Zalda qarsaklar va kulgu birdek yangradi. Chunki Tramp Netanyaxu ayblanayotgan shampan va sigaralar haqida Gersogga hazil qildi.
“Janob Prezident, nega uni afv etmasligingiz kerak? Yoqsa-yoqmasa, u urush davrining eng yaxshi rahbarlaridan biriga aylandi. Sigaralar-u shampanlarga kelsak, bu bilan kimning ishi bor o‘zi?” degan AQSH Prezidenti Gersogga murojaat qilib.
HAMAS tirik asirlarni qaytardi
Tramp Isroilda yurgan paytda HAMAS asirlikka olingan va 2 yillik tutqin davomida tirik qolgan barcha isroilliklarni qaytardi. Dastlab yetti, so‘ngra 13 nafar asir Isroilga topshirildi. Ular avval Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirildi, keyinchalik harbiy baza orqali tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Tarmoqlarda yaqinlari orasiga qaytgan isroilliklarning tasvirlari virusdek tarqaldi. Isroilning davlat teleradiokompaniyasi hisoblanuvchi “Kan”ning xabaricha, ozod etilgan garovdagilarning ahvoli qoniqarli, ular mustaqil harakatlana oladi. Shundan so‘ng, o‘z o‘rnida Isroil tomoni ham 1700 nafar falastinlikni ozod qildi. Umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 dan ortiq falastinlik mahbusning 100 nafari G‘arbiy sohilga qaytarildi, 150 dan ortig‘i esa Misrga deportatsiya qilindi. Falastinliklar ham o‘z yaqinlarini juda katta quvonch bilan qarshi oldi.
Endigi navbat esa HAMASning halok bo‘lgan isroilliklarning jasadlari topshirishiga yetib keldi. Ularda ayni damda 24 jasad qolgani aytiladi. Lekin jasadlar allaqachon qabrlarda va ularning barchasini tez fursatlarda topishning imkoni yo‘qligi sababli harakat rasmiylari bu jarayon cho‘zilishini ma’lum qildi. Isroilning aqldan ozgan Mudofaa vaziri Isroil Kats esa bundan norozi. Yahudiy davlati, shuningdek, jasadlarni o‘zlari shaxsan ekspertizadan o‘tkazib aniqlab olishini e’lon qildi. Ammo Isroilning o‘zi asirlar, mahbuslar va jasadlarni almashish borasida birinchi bo‘lib vaziyatni murakkablashtirdi. Tel-Aviv oldinroq HAMASning marhum yetakchisi Yahyo Sinvarning jasadi hamda FATHning sobiq a’zolarini qaytarmasligini ma’lum qilgandu.
Misrga yig‘ilgan “kattalar”
13 oktyabr kuni Sharm al-Shayxda Tramp va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyning qo‘shma raisligida G‘azodagi tinchlikni hal qiluvchi sammit bo‘lib o‘tdi. “Tinchlik 2025” deb nomlangan ushbu sammitga tashrif buyurganlar tarkibi ancha yulduzli va qudratli ko‘rinishda edi. Asosiy qatnashchilar Tramp, Erdo‘g‘an, as-Sisiy va Tamim bin Hamaddan tashqari, Emmanuel Makron, Jorjiya Meloni, Mahmud Abbos, Kir Starmer, Fridrix Mers, G‘azo uchun eng ko‘p harakat qilayotgan G‘arb yetakchilaridan biri Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Kanada Bosh vaziri Mark Karni, shuningdek, Ilhom Aliyev, Nikol Pashinyan va Shahboz Sharif hamda boshqalar ham Misrga to‘plandi.
Shu tariqa, 13 oktyabr kungi ushbu yirik siyosiy uchrashuv 9 oktyabrda Misrning Sharm al-Shayx shahrida AQSH, Turkiya, Misr va Qatar vositachiligida o‘tgan birinchi raund muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Qayd etish joiz, shov-shuvli “Tinchlik 2025” sammiti G‘azoda tinchlik o‘rnatilishiga butkul yakun yasamadi. Chunki AQSH, Misr, Qatar va Turkiya rahbarlari shu kuni Sharm al-Shayxda umumiy so‘zlardan iborat Deklaratsiyani qabul qildi, xolos. Xorij OAV shunga e’tibor qaratgan holda, hech qanday reja yoki biron-bir bandlardan iborat bo‘lmagan bu deklarativ mazmundagi hujjatning kelgusi voqeliklarga ta’sir o‘tkazishiga shubha qilmoqda. Misrdagi sammitda faqatgina shu deklaratsiyaga imzo chekkan 4 davlat: Tramp rejasi bo‘yicha hududda tinchlik o‘rnatish ishlariga bosh-qosh bo‘lish, tomonlarni kelishuv shartlariga amal qilishga undash va boshqa umumiy harakatlarni o‘z zimmasiga oldi, xolos.
Tramp o‘zining xodimlari va maslahatchilariga, “eng qiyn” deb o‘ylagan kelishuvni amalga oshirganliklari uchun minnatdorligini bildirdi.
“Men bu, ehtimol, eng qiyini bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Va ayrim jihatlardan u shunday bo‘ldi ham. Lekin bizda juda katta salohiyat, iste’dod bor edi. Bizda hayratlanarli darajada iqtidorli jamoa bor edi, xususan, bu stol atrofida o‘tirgan mamlakatlar bizga yordam berdi”, dedi Prezident Tramp.
Hujjatni imzolash marosimida zalda bo‘lgan fotograf olgan surat ayrim savollarga javob beradi. Tramp ko‘tarib ko‘rsatgan hujjatning yuqori qismida “barcha insonlar uchun bag‘rikenglik, qadr-qimmat va teng imkoniyat” kabi maqsad va majburiyatlar yozilgan. Oxirgi sahifaning birinchi bandida shunday deyiladi:
“Biz barcha insonlar uchun bag‘rikenglik, qadr-qimmat va teng imkoniyatni istaymiz, shu orqali bu mintaqani irqi, dini yoki millatiga qaramasdan, har kim o‘z orzularini tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy farovonlik sharoitida amalga oshira oladigan maskanga aylantirishga intilamiz”.
Muammolar hali ham yetarli
Katta-katta yig‘ilishlar fonida G‘azo bo‘yicha kelishuv atrofida ziddiyatli masalalar hamda muammolar yetarlicha. Ular hali ham saqlanib qolmoqda. Tramp muzokaralar ildamlayotgani, bosqichlardan bosqichlarga sakrayotgani haqida aytganiga qaramay, tomonlar umuman qabul qilishni istamaydigan bandlarga navbat yendi kelmoqda. Muzokaralarning eng umidsiz joyi ham shu aslida. Ya’ni HAMAS qachon qurollarni tashlaydi, Isroil armiyasi G‘azoni qachon to‘liq tark etadi, Xalqaro Tinchlik Kengashi G‘azodagi boshqaruvda beg‘araz harakat qiladi-mi, Isroil sektor va G‘arbiy sohilning integratsiyasiga, yakunda esa nixoyat ozod Falastin davlatining tuzilishiga to‘sqinlik qilmaydi-mi, degan savollar hanuz javobini topgani yo‘q. Buni 13 oktyabrda Misrga kelgan “katta boshlar” ham izohlay olmadi.
Hozircha esa yuqoridagi savollarga taxminiy javoblar mavjud. Masalan, HAMAS Isroil qachon sektordan to‘liq chiqib ketsa va hudud boshqaruvi mahalliy boshqaruvga o‘tsagina qurolsizlanishga rozi. Shuningdek, Isroil sulhdan keyingi davrlarda G‘azoning G‘arbiy sohilga qo‘shilishiga qarshi. Bu bilan ular butun boshli Falastin davlati qurilishiga qarshi ekaniga ishora qilmoqda. Chunki Yahudiy davlati hukumati siyosiy tafakkuri G‘azo va G‘arbiy sohilni o‘z ichida birlashtirgan, poytaxti esa Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatining tuzilishiga toqat qilmasligi hech kimga sir emas.
Erdo‘g‘an Netanyaxudan jirkandi, Meloniga esa “yaxshi maslahat” berdi
Asosan umumiy gaplar bilan tugagan mahobatli sammitda kichik epizodlar va u boshlanishidan oldin tashriflar yuzasidan qiziq voqeliklar ro‘y berdi. Masalan, Netanyaxu 12 oktyabr kuni bergan bayonotida Misrdagi sammitga Isroildan vakillar bormasligini e’lon qilgan edi. Ammo keyinchalik Netanyaxu ham Misrga uchishi haqida xabar qilindi. Buni hatto Misrdagi manbalar ham tasdiqladi. Ammo so‘nggi daqiqalarda OAVda yana boshqacha xabarlar paydo bo‘ldi. Ularga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyb Erdo‘g‘an havoga ko‘tarilganda ushbu yangilikdan xabardor bo‘lgan va Netanyaxu Sharm al-Shayx sammitida qatnashsa, Misrga qo‘nishdan bosh tortgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Erdo‘g‘anning samolyoti Netanyaxuning sammitda ishtirok etmasligi rasman tasdiqlangandan so‘ngina belgilangan joyga qo‘ngan. Shu tariqa, Turkiya yetakchisi oldin ko‘p bor ta’kidlagan gapida qat’iy turdi. U bir necha bor Netanyaxu qatnashadigan hech qanday sammitda ishtirok etmasligini aytib kelgan. Chunki Erdo‘g‘an “G‘azo qassobi” bilan bir xonada, bir tom ostida nafas olishdan jirkanadi.
Tashrif bilan bog‘liq ushbu voqeadan tashqari yana ba’zi boshqa jarayonlar ham kuzatildi. Masalan, Eron delegatsiyasi Misrda ko‘rinish bermadi, shuningdek, Saudiya Arabistoni va BAA rahbarlari ham Sharm al-Shayxga bormadi. “Reuters” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra esa, Misr Eronni sammitda ishtirok etishga taklif etgan, biroq 13 oktyabr kuni mamlakat rahbari Mas’ud Pezeshkiyon va Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ushbu taklifga rad javobini bergan. Shuningdek, sammitda o‘nlab rahbarlar bir-biri bilan uchrashdi. Tramp Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan juda uzoq suhbat qurgani aytildi. Isroil bilan juda yaqin bo‘lgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Abbos bilan ancha iliq gaplashdi. Erdo‘g‘an esa shunday qisqa epizodlarda yana barchaning e’tiborini o‘ziga tortdi. U Italiya Bosh vaziri Meloniga sigareta chekishni tashlashni tavsiya qildi. Ular bilan birga turgan Makron esa Meloni uchun bu imkonsiz ekanini aytib hazil qildi.
Ha, Sharm al-Shayx sammiti bo‘yicha aytiladigan gaplar hozircha shulardan iborat. Ammo bu yirik yig‘in hozircha bitta muhim natija bilan tugadi, deyish mumkin. Ya’ni undagi deklaratsiyani imzolagan 4 davlat: AQSH, Turkiya, Misr va Qatar G‘azoda tinchlikni abadiy o‘rnatish uchun barcha mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oldi. Ular HAMAS va Isroilsiz, ya’ni urushayotgan tomonlarsiz o‘tgan sammitda ularni 21 bandlik rejaga amal qilishga majburlashni o‘z zimmasiga oldi. Boz ustiga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘z mamlakati G‘azoning keyingi boshqaruvida muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. G‘azo bo‘yicha tinchlik muzokaralari va ularda barcha bandlarni muhokama qilib, bosqichma-bosqich kelishib borish esa davom etadi.
Live
Barchasi