“Tolibon” daryoda to‘g‘on qurmoqchi

Olam

image

“Tolibon” harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda Afg‘oniston Energetika va suv xo‘jaligi vazirligiga imkon qadar tez fursatda Kunar daryosida to‘g‘on qurilishini boshlash haqida topshiriq berdi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.

Vazir vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansurning aytishicha, Oxundzoda xorijiy kompaniyalarni kutmasdan, mahalliy pudratchilar bilan shartnoma tuzish orqali loyiha ishlarini tezlashtirishni buyurgan.

“Afg‘onlar o‘z daryolari ustidan to‘liq boshqaruv huquqiga ega. Biz suv boyliklarimizdan o‘z manfaatimiz uchun foydalanishimiz kerak”, deydi Mansur.

Kunar daryosi Afg‘onistonning besh yirik daryosidan biri bo‘lib, u Pokistonning Chitral tumanidan boshlanadi (bu yerda Chitral daryosi deyiladi) va taxminan 480 kilometr yo‘l bosib, Qobul daryosiga qo‘shiladi, so‘ngra yana Pokiston hududiga oqib o‘tadi.

Qobul daryosining katta qismi Pokistonga kiradi. Shu sababli Pokistonning ayrim provinsiyalari, jumladan, Xaybar Paxtunxva – Afg‘oniston suviga bog‘liq. Afg‘oniston suv resurslariga boy bo‘lsa-da, yillab davom etgan urushlar bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilib kelgan.

Ma’lumot uchun, “Tolibon”ning Kunar daryosida to‘g‘on qurish tashabbusi so‘nggi haftalarda Pokiston bilan munosabatlar keskinlashgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Suv masalasi tarixan ikki davlat o‘rtasidagi eng nozik mavzulardan biri hisoblanadi. Hozircha Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida rasmiy suv taqsimoti bo‘yicha hech qanday bitim yo‘q, suvdan foydalanish odatlar va an’anaviy kelishuvlarga asoslanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston va Pokiston Dohada o‘tgan muzokaralar davomida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon daryo to'g'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing