“Tolibon” o‘qituvchilarga smartfon ishlatishni taqiqladi
Olam
−
05 Oktabr 2677 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga smartfon ishlatishni man etdi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat oliy ta’lim vazirligi universitet professorlari va past darajadagi ma’muriy xodimlarga ish vaqtida smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan. Vazirlik hujjatlarida aytilishicha, smartfondan foydalanish ish jarayonlarini murakkablashtiradi va xodimlarni chalg‘itadi.
Shu sababli professor-o‘qituvchilar va ma’muriyat xodimlariga ish vaqtida universitetga telefon olib kirishi yoki undan foydalanishi taqiqlangan. Yuqori darajali xodimlarga smartfondan foydalanishni asta-sekin kamaytirish tavsiya etiladi.
“Tolibon”ning smartfonlarni taqiqlashi yangilik emas. Taxminan bir yil avval harakat rahbari Haybatulloh Oxundzoda guruh ulamolar kengashidan smartfonlarni blokirovka qilishning “diniy yo‘li”ni topishni so‘ragandi.
Oldinroq “Tolibon” muvaqqat hukumati Afg‘oniston universitetlariga ayollar tomonidan yozilgan barcha kitoblarni o‘quv dasturlaridan chiqarish haqida buyruq bergandi. Taqiq ostiga jami 680 kitobdan 140 tasi tushgan bo‘lib, ularning barchasi ayol mualliflar tomonidan yozilgan.
Shuningdek, “Tolibon” 18 ta universitet fanini ham man etgan. Rasmiylar bu fanlar “shariat tamoyillari va harakat siyosatiga zid” ekanini ta’kidlamoqda. Taqiqlangan fanlar orasida “Gender va taraqqiyot”, “Ayollar sotsiologiyasi”, “Muloqotda ayollarning roli” kabi yo‘nalishlar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 sentyabr kuni Afg‘onistonda internet butunlay o‘chirib qo‘yilgandi. “Tolibon” muvaqqat hukumatiga ko‘ra, bu chora “axloqni saqlash” siyosati doirasida amalga oshirilgan.
Live
Barchasi