Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish pullik bo‘ladi
Jamiyat
−
13 iyun 2075 2 daqiqa
V Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish uchun investorlar 500 dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni Investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ma’lum qildi.
Joriy yilning 16-18 iyun kunlari O‘zbekistonda beshinchi – yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Matbuot anjumanida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, unda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tganlar soni 9 ming 101 nafardan oshdi.
“O‘zbekistonga 100 ta mamlakatdan 3 ming 423 nafar xorijiy delegat keladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni hali ham davom etmoqda. Forumda ishtirok etayotgan kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarga teng. Bu juda katta raqam – dunyo yalpi mahsulotining qariyb 38 foizi degani”, dedi Laziz Qudratov.
Forumda ishtirok etishni xohlagan investorlar bir martalik to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Vazirning aytishicha, bu badal faqat tadbirni tashkil etish uchun joriy etilmagan.
“Badal har bir qatnashuvchi uchun 500 dollar. Bu raqam xorijiy tajribaga asoslanib belgilangan. Biz bu badalni nafaqat tadbirni tashkillashtirish uchun yig‘yapmiz, balki, bu orqali kim aniq O‘zbekistonga kelishini ham oldindan bila olamiz. To‘lagandan keyin, albatta, keladi. Ya’ni, badalsiz bo‘lsa, ro‘yxatdan shunchaki o‘tadiganlar, lekin kelmaydiganlar ham ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun badal tizimini joriy qildik va bu orqali biz O‘zbekistonga real qiziqishi bor investorlarni jalb qilish maqsadini qo‘ydik”, dedi Investitsiya, sanoat va savdo vaziri.
Laziz Qudratov ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil forumga kelayotgan rasmiy delegatsiyalar soni ham oshgan. O‘tgan yili 26 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 62 taga yetdi.
“Ochilish marosimida 8 ta davlat va hukumat rahbari nutq so‘zlaydi. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BRICS Yangi taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevroosiyo taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi rahbarlari ham forumda ishtirok etadi. Umuman olganda, xalqaro tashkilotlar va banklardan 372 nafar vakil qatnashmoqda”, dedi vazir Qudratov.
Qolaversa, forumni yoritish uchun 41 ta mamlakatdan 123 ta tahririyat vakillari – jami 209 nafar xorijiy jurnalist keladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazilishi munosabati bilan joriy yilning 16-18 iyun kunlari Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalari harakati vaqtincha cheklanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi