Toshkent osmonida sun’iy yomg‘ir yog‘dirilishi mumkin. Inson tabiatni boshqara oladimi?
Tahlil
−
28 noyabr 8107 7 daqiqa
Endi musaffo osmoni bilan ham maqtana olmaydigan Toshkentning bugun tepasida zaharli kulrang parda, dimog‘ida bir uyum chang. Bu muammoni hal etish uchun rasmiylar tomonidan sun’iy yomg‘ir yog‘dirish usuli ham taklif qilinmoqda. Xo‘sh sun’iy yomg‘ir yog‘dirish o‘zi nima, jarayon qanday amalga oshiriladi, uning qanday foyda va zararlari bor?
Bulut ekish texnologiyasi
Markaziy Osiyo nafaqat geosiyosiy muhim mintaqa, balki geografik jihatdan ancha bahsli ham hisoblanadi. Mintaqa markazidagi O‘zbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarim quruq iqlim hududida joylashgan. Dunyoda hech bir davlat O‘zbekiston kabi dengizdan uzoq joylashgan emas. Daryo va ko‘llarning soni ham u qadar ko‘p emasligini hisobga oladigan bo‘lsak, mintaqa uchun yomg‘ir va qorning ahamiyati nihoyatda katta. Ammo yil sayin yog‘ingarchilik miqdori ham kamayib bormoqda. Shu tufayli sun’iy yomg‘ir yog‘dirish masalasi kun tartibiga chiqmoqda.

Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish “bulut ekish” usuli bilan atmosfera suv resurslarini boshqarish orqali yog‘ingarchilikni ko‘paytirish, do‘lni kamaytirish va umumiy meteorologik xavflarni nazorat qilishni anglatadi. Keling, bu jarayonni bosqichma-bosqich o‘rganib chiqamiz.
Avvalambor, yomg‘irdagi eng asosiy omil bo‘lgan bulut nima va u qanday tuzilganini tushunib olish lozim. Meteorologiyada bulut – bu sayyora ustida yig‘ilgan suyuq tomchilar, muz kristallari yoki boshqa zarralarning ko‘rinadigan massasi hisoblanadi. Ya’ni bulutda tabiiy ravishda suv tomchilari yig‘ilgan bo‘ladi. Bulutlar ko‘pincha iliq, nam havoning yuqoriga ko‘tarilishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu ko‘tariluvchi havo oqimi bulut ichida yuqoriga qarab harakatlanadi. Uning ichidagi mayda suv tomchilari juda yengil bo‘lgani sabab ko‘tariluvchi havo oqimi bu mayda tomchilarni pastga tortadigan gravitatsiyadan ancha kuchliroq bo‘ladi. Bundan tashqari, havoning qarshiligi ham bulut tarkibidagi yengil suv tomchilarini yerga tushushiga qarshilik qiladi. Yomg‘ir yog‘ishi uchun esa suv tomchilari yoki muz kristallari yerga tushib keta oladigan darajada og‘irlashishi kerak. Ammo Toshkentda bu galgi kuz nisabatan ancha quruq o‘tmoqda va yuqori atmosfera bosimining hukmronligi va namlik manbalaridan kelayotgan yog‘ingarchilikka boy havo frontlarining faolligining pasayishi natijasida bu holat kuz oxirigacha davom etishi prognoz qilingan.
Bulut ekish – bu ob-havoni o‘zgartirish shakli bo‘lib, bundan mavjud bulutlarga sun’iy moddalarni kiritish orqali yog‘ingarchilik miqdorini oshirish ko‘zlanadi. Bunda yuqoridan Kumush yodid (AgI), quruq muz va gidroskopik tuzlar kabi moddalar atmosferadagi bulutlarga sepiladi va bulut tarkibidagi suv zarrachalarini og‘irligini oshiradi.
Bulut ekish nuqtai nazaridan qaralsa, bulutlar,asosan, ularning ichki harorati asosida “sovuq” va “issiq” turlarga bo‘linadi. Ushbu tasnif, ularga qanday usulda va qaysi kimyoviy moddalar – agentlar yordamida ta’sir o‘tkazishni belgilab beradi. Sovuq bulutlarda umumiy harorat 0 gradusdan past bo‘lsa, issiqlari bu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ladi va sovuq bulutlardan farqli o‘laroq, ulardagi suv tomchilari muz emas suyuq holda bo‘ladi.
Sovuq bulutlarda yomg‘ir kumush yodid yordamida hosil qilinadi. Bunda kumush yodid juda sovuq tomchilarni muz yadrolariga aylantiradi va muz kristallari atrofdagi suv bug‘ini yig‘ib, tezda og‘irlashadi. Yetarlicha og‘irlashgan kristallar havo oqimini yengib pastga tusha boshlaydi va iliqroq qatlamlarda erib, yomg‘irga aylanadi.
Issiq bulutlarda esa tuzlar asosiy agent rolini o‘ynaydi. Gidroskopik tuzlar havoni o‘ziga tortadi va boshqa tomchilarga qaraganda ancha katta bo‘lgan tomchilarni hosil qiladi. Bu “katalizator tomchilar” pastga tushish mobaynida yo‘lida boshqa mayda tomchilar bilan to‘qnashadi va birlashadi. Bir nechta suv tomchilari yig‘ilib og‘irlashadi va yomg‘ir hosil qiladi.
Bu agentlarni atmosfera yuzasiga chiqarish odatda uch xil usulda amalga oshiriladi. Bular: samolyotlar orqali, yerdagi generatorlar yordamida, raketa va snaryadlar bilan.

Samolyot bu eng keng tarqalgan usul bo‘lib, uning yordamida katta qamrovdagi bulut ekish amaliyotlari amalga oshiriladi. Bunda samolyot bulutlarning tepasiga yoki yog‘ingarchilik hosil bo‘lishi eng samarali bo‘lgan qismiga uchib kiradi. Samolyot qanotlari yoki fyuzelyajiga o‘rnatilgan maxsus moslamalar yordamida kumush yodid eritmasi sepiladi.
Yer generatorlari orqali sun’iy yomg‘ir yog‘dirish, asosan, tog‘li hududlarda qo‘laniladi, negaki bunda moddalarni atmosferaga chiqarish vositasi bu tog‘ cho‘qqilari kabi baland nuqtalarga o‘rnatilgan generatorlardir. Ular kumush yodid eritmasini yoqadi. Chiqayotgan juda mayda AgI zarralari havo oqimi va shamol yordamida yuqori qatlamlarga va bulutlarga ko‘tariladi.
Raketalar yoki snaryadlar vositasida sun’iy yomg‘ir hosil qilish usuli asosan yuqori balandlikdagi bulutlarga tezda ta’sir o‘tkazish yoki do‘lga qarshi kurashish maqsadida ishlatiladi. Yer sirtidan maxsus raketalar yoki zenit to‘plar yordamida modda solingan snaryadlar bulut ichiga otiladi. Snaryad (yoki raketa) belgilangan balandlikka yetgach, portlaydi va ekish agentlarini bulutga tarqatadi. Ammo bu usul yuqori xarajat talab qiladi va shuning uchun ham doimiy operatsiyalar uchun qulay emas.
Tabiatni bo‘ysundirish tarixi
Ikkinchi jahon urushi nafaqat dunyoda siyosiy yoki iqtisodiy tizimni o‘zgartirgan, balki ilmiy izlanishlar sohasiga ham sezilarli ta’sir qildi. Bir-biridan dahshatli o‘lim qurollarini yaratish jarayonida insonlar kundalik hayotda foydali bo‘lgan inqilobiy kashfiyotlar qilgani ham sir emas. Shunday urush maqsadlarida fidokorona xizmat ko‘rsatgan yirik kompaniyalardan biri General Electric edi.

Urush davrida aviatsiya uchun eng katta xavflardan biri bu bulutlar ichidagi sovuq suv tomchilari tufayli samolyot qanotlarining muzlashi edi. General Electric muzlanishning oldini olish yo‘llarini o‘rganish ustida ishlagan kompaniyalardan edi. Urushdan keyin GE laboratoriyasida Nobel mukofoti sovrindori Irving Langmyur va uning tadqiqot guruhi ushbu muammo ustida ishlashni davom ettirdi. 1946 yil iyul oyining noma’lum kunida Vinsent Shefer muzlashga qarshi kurash bo‘yicha tajribalar o‘tkazayotganida, tasodifan laboratoriya muzlatkichi kamerasidagi bulut ichiga quruq muz tashlab yuboradi. Natijada sun’iy ravishda qor kristallari hosil bo‘ladi.
O‘sha yilning noyabr oyida Shefer samolyot yordamida Massachusets shtatining Pitsfild shahri yaqinidagi bulutga quruq muzni sepib, birinchi marta ochiq havoda muvaffaqiyatli sinov o‘tkazadi va bulutdan qor yog‘ishiga erishadi. Insoniyat tasavvurida tabiantni jilovlash mumkinligi haqida qarashlar paydo bo‘ladi. Bu chinakam inqilobiy kashfiyot edi.
Chet el va O‘zbekiston tajribasi
Yer sharida ichishga yaroqli chuchuk suv miqdori dunyodagi barcha suvning atigi 1 foizini tashkil qilishi haqidagi faktni ko‘pchilik eshitgan bo‘lsa kerak. Dunyoda suv resurslari barcha davlatlarda ham birdek yetarli emas. Amazon daryosining serkokil irmoqlaridan foydalangan davlatlar uchun suv doimiy o‘ylantiradigan muammo emas, ammo shunday davlatlar borki, ularda suvning bahosi oltinda o‘lchanadi.
Shu tufayli sun’iy yomg‘ir yog‘dirish ko‘plab davlatlarning geografik taqdirini chetlab o‘tish imkonini berdi. Xitoy, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Avstraliya va Rossiya kabi davlatlar uchun bu usul katta yer maydonlarini tabiiy usulda sug‘orish, do‘l muammosini kamaytirish va gidroenergetika sohalarini rivojlantirishda asosiy vosita sifatida qo‘llab kelinadi.
Eng katta bulutli ekish tizimi Xitoy Xalq Respublikasida bor. Xitoy osmonga kumush yodidli raketalar otish orqali Pekin kabi qurg‘oqchil hududlarda yomg‘ir miqdorini oshiradi. Sinhua universiteti tadqiqot qog‘oziga ko‘ra, Xitoy ob-havo ma’muriyati 2021 yil 1 iyulda osmon musaffo bo‘lishini va havoning ifloslanishini kamaytirish uchun ob-havoni o‘zgartirishdan foydalangan. Ushbu yog‘ingarchilik PM2.5 ifloslanishi miqdorini normada saqlashga yordam bergan.

Birlashgan Arab Amirliklari olimlari ham o‘ta issiq iqlim tufayli mamlakatdagi suv ta’minoti taqchilligini to‘ldirish uchun bulutli ekish texnologiyasidan foydalanadi. Ular mamlakat atmosferasini doimiy ravishda kuzatish uchun ob-havo radarlaridan foydalanadi. Sinoptiklar va olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bulutli ekish operatsiyalari yomg‘irni toza atmosferada 30-35 foizgacha, namroq atmosferada esa 10-15 foizgacha oshirishi mumkin.
Hindistonda 1983, 1984-87 va 1993-94 yillarda qattiq qurg‘oqchilik tufayli Tamil Nadu hukumati tomonidan bulutli ekish operatsiyalari o‘tkazilgan. Eron esa 1953-1957 yillarda Energetika vazirligi Kanada kompaniyasi bilan hamkorlikda samolyot va kumush yodid birikmasidan foydalangan holda, Karaj va Jajrud to‘g‘onlari hududidagi bulutlarni urug‘lantirgandi.
Ushbu amaliyot O‘zbekiston uchun ham begona emas. Joriy yilning aprel oyida ham mamlakatning eng quruq iqlimli hududlaridan biri Navoiy viloyatining Konimex tumanida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi amalga oshirilgan edi. Loyiha International Centre of Climate Change Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilgan edi. Kelgusida agar Toshkentda yana bir bor yomg‘ir hosil qilishga urunib ko‘rilsa, bu tajribalar, albatta, asqotadi.
Ayni damda osmonni egallagan changni yo‘q qilish uchun shubhasiz yomg‘ir kerak, albatta. Daraxtlari jihatidan qashshoqlashib qolgan Toshkent barchaga dars bo‘lishi lozim – agar biz tabiatni asramasak, u, albatta, qasos oladi.
Xullas, Zulfiqor Musoqovning Abdullajonini yana qaytarishmoqchi ko‘rinishadi, ammo, bu gal unumdor yer uchun emas, havoni tozalash uchun.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr