Toshkentda havo hamon iflos. Undan nafas olish salomatlikka qanday ta’sir qiladi?
Intervyu
−
27 noyabr 4491 4 daqiqa
Bir vaqtlar pandemiya ramziga aylangan tibbiy niqoblar endi toshkentliklar uchun changdan himoya qalqoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Virus, infeksiya va bakteriyadan himoya qilishga mo‘ljallangan mazkur vositalarning mayda PM 2,5 zarrachalarini tutib qolishga qodir emasligi ma’lum bo‘lsa-da, odamlar har holda shu yo‘l bilan o‘zlarini himoya qilishga urinmoqda.
So‘nggi kunlarda havoning ifloslanishi kun mavzusiga aylangani barchaga ma’lum. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Bunga asosiy sabab havoda zaharli PM 2,5 zarrachalarining me’yordan bir necha barobar ortib ketishidir.
Mutaxassislar fikricha, havodagi ifloslanishning 36 foizi tabiiy chang hisobiga, 28 foizi esa issiqlik ta’minotidan chiqayotgan zaharli tutunlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, qurilish ob’ektlaridan chiqayotgan chang, transport vositalari va sanoat korxonalari tomonidan havoga chiqarilayotgan zaharli gazlarning sezilarli darajada ta’siri bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Toshkent shahri atmosferasiga 405,6 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan.
“Havoning ifloslanishiga asosiy omil nima?”, deb shahar aholisiga yuzlanganimizda ulardan o‘xshash javoblarni oldik: ya’ni qurilish ob’ektlarining ko‘pligi, daraxtlarning ayovsiz kesilishi, transport vositalarining ko‘pligi….
“To‘g‘risini aytaymi, havo ifloslanishiga asosiy sabab daraxtlarni kesib tashlash. Daraxtlar juda ko‘p kesib tashlandi. Daraxtlarni bu darajaga yetkazishni o‘zi bo‘lganmidi?”, deydi respondentlarimizdan biri.
Havo ifloslanishi va ularning sabablari haqida ko‘p gapiramiz. Ammo, bu jarayoning sog‘liqqa qanday zarar yetkazishi haqida aniq tushunchalar yo‘q. Ayniqsa, PM2,5 zarrachalari o‘zi nima va ular nafas yo‘liga qanday ta’sir qiladi?
Shu savolga javob olish maqsadida soha mutahassisi, allergolog shifokor Nodirbek To‘rayev bilan bog‘langanimizda, u bunday chang zarralari bevosita nafas olish yo‘li orqali hatto qon-tomirgacha yetib borib, butun tana bo‘ylab aylanishi mumkinligini ta’kidladi.
“Bu havodagi chang zarrachalarining razmeri ya’ni hajmi, 2.5 nanometr. Bitta misol qilib keltiraman, bizning o‘pkamizda eng oxirgi “aveola”gacha boradigan teshikni kattaligi 5 nanometr. Bu 2,5 daraja degani. U teshikdan bemalol o‘tib qayta oladi degani. PM10 degani bu o‘pkani ichigacha, ya’ni aveollagacha, gaz almashinuvi sodir bo‘ladigan joygacha yetib boraolmaydigan chang zarrasi degani. Bu yuqori nafas yo‘llarida qolib ketadi: burun bo‘shlig‘ida og‘iz bo‘shlig‘ida…. Buni oddiy yo‘tal yoki burun oqishi ko‘rinishida chiqarib yuboramiz. Bu biz uchun zararsiz”, deydi allergolog.
Shahar aholisidan olingan so‘rovnamalar natijasiga ko‘ra, changli havo salomatlikka jiddiy ta’sir qilib, surunkali yo‘tal holatlariga olib kelmoqda. Tabiiyki, havo sifatining buzilishi infeksion va alergik kassaliklarga chalingan insonlarga juda tez ta’sir qiladi. Buning sababi nima?
“Nafaqat alergiyasi bor bo‘lgan bemorlarda, yuqori nafas yo‘llarida kassalik o‘tkazayotgan har qanday holat, ya’ni faqat allergik emas, infetsion kassaliklar, pnevmoniya, bronxit holatlari, virusli kassaliklar yoki oddiy grip bo‘lamizmi…. Har qanday holatda PM darajasi 2,5dan kichik bo‘lgan zarrachalar bizga kuchli ta’sir ko‘rsatadi…”, deydi shifokor.
Shifokorning fikricha, havodagi chang zarrachalarining ko‘payishi birinchi navbatda yosh bolalarga kattalarga qaraganda juda tez ta’sir qiladi. Sababi bolalarning bo‘yi past bo‘ladi. Chang to‘plamlari asosan havoning pastki qismida yeg‘iladi va bolalar changli havodan ko‘proq nafas oladi. Bundan tashqari, yosh bolalarning imun tizimi, shilliq qavvatlari, o‘pka sistemasi ham to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli, bolalarning kassalikka chalinishi juda yuqori. Keyingi navbatda, homilador ayollarning salomatligiga bunday chang zarrachalari bevosita ta’sir qiladi.
“O‘sha PM 2.5 zarrachalari hohlaymizmi, hohlamaymizmi onaning nafas yo‘llari orqali qonga o‘tdimi - bevosita qondan bolaga ham o‘tadi. Bolani ham zararlaydi…”, deydi shifokor.
JSST tomonidan berilgan tavsiyalarga ko‘ra, changli havoda niqobdan foydalanish, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik kabi profilaktik choralarni ko‘rish tavsiya qilinmoqda. Ammo, aholining ko‘p qismi bunday choralar samarasiz ekanini ta’kidladi.
“Siz ko‘chaga chiqdingiz, birinchi navbatda havodagi chang zarralar miqdorini ko‘rsatadigan ilovani yuklab oling. Ko‘chaga chiqishdan avval biling holat qanday, agar havoda chang zarralari ko‘p bo‘lsa, oddiy niqoblardan emas, balki N95 respiratorli niqoblardan foydalaning. Sababi ularda o‘zining alohida filtri bor. Bundan tashqari, og‘iz-burunni chayish. Ayollarda eng katta muammo bu soch, ya’ni soch juda ko‘p chang yig‘adi. Shu sababli, ko‘chaga chiqqandan so‘ng dush qabul qilish, og‘iz-burunni oddiy tuzli suvda yoki xalq biladigan “furatsilinli suvda” g‘arg‘ara qilish yoki chayish juda yaxshi ta’sir qiladi…”, deydi allergolog.
“Qachon toza havodan to‘yib nafas olish mumkin?”, degan savolga hech kimda aniq bir javob yo‘q. Ko‘rilayotgan choralar esa hali biror o‘zgarish olib kelmadi.
Live
Barchasi