Toshkent va markaziy shaharlarda ko‘chmas mulk bozorida o‘sish kuzatildi

Jamiyat

image

Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshib, bozor yana o‘z mavqeini tiklamoqda, hududlarda sezilarli o‘sish kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘zgarishi, yillik o‘sishni 6 foizga yetishini ta’minlagan, natijada bozorda ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.

Noyabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiya qayd etgan. Oldi-sotdi shartnomalari soni 21,9 mingtani tashkil etib, oktyabr oyiga nisbatan 2,5 foizga oshgan.

Shuningdek, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8 foizga o‘sgan.

O‘tgan oyda hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarida o‘sish Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6 foiz va 8,4 foizni qayd etgan.

Toshkent shahri poytaxt sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30 foizdan ortig‘ini egalladi, faollik 9,3 foizga oshdi. Bir oy ichida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,3 foizga o‘sish), o‘tgan yilga nisbatan 6,2 foizga o‘sish qayd etildi.

Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Surxondaryo (18,1 foiz), Buxoro (11,9 foiz) va Qashqadaryo (10,2 foiz) viloyatlarida ko‘tarilgan.

Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilib, kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 333 dollarni tashkil etgan.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida 0,2 foizga oshib, 1,1 ming dollardan sal ko‘proqni tashkil etdi.

Poytaxtning Bektemir (4,4 foiz), Yashnobod (2,4 foiz) va Shayxontohur (2,2 foiz) tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2 foizga oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 1,5 foiz pasayish kuzatilgan.

Noyabr oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etilgan. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,3 dollarni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa (14,5 foiz), Yashnobod (14,3 foiz) va Yunusobod (13,8 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Toshkentning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaygandi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5 foizga kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda narx bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent ko'chmas mulk bozori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing