Toshkent va Samarqandda qariyb 6 kilo narkotik modda musodara qilindi (video)
3-sahifa
−
16 iyun 1653 2 daqiqa
Toshkent hamda Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bekobod shahrida Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasida (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, 2025 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1992 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan. Uning ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda muzlatgich ichidan 151 gramm “opiy”, hojatxona shaxtasidan esa 4 kg 971 gramm “gashish” moddasi topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu narkotik moddalar qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda ichki ishlar organlari hamkorligida Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2003 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro 932 gramm “gashish” va 2,5 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 10 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanida 1 kilogrammdan ortiq “gashish” moddasini olib ketayotgan haydovchi ushlangandi.
Live
Barchasi