Toshkent viloyatida X-XI asrlarga oid devoriy suratlar topildi
Bu qiziq
−
11 noyabr 2942 2 daqiqa
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalarning navbatdagi kunida noyob topilma – milodiy 10-11-yuzyilliklarga oid devoriy suratlar aniqlandi. Bu haqda Fanlar akademiyasining Tarix instituti xabar berdi.
Qayd etilishicha, topilmalar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroy hududida ochilgan. Qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr masofada joylashgan bu karvonsaroyning umumiy o‘lchami taxminan 100×70 metrni tashkil etadi. Bino o‘zining me’moriy mahobati bilan ajralib turadi.
“Karvonsaroy xonalaridan birida olib borilayotgan qazuv jarayonida xonalar devorlaridan qulab tushgan devoriy surat bo‘laklari aniqlangan. Ular 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamda bo‘lib, bu karvonsaroy xonalari devoriy suratlar bilan bezatilganini tasdiqlaydi. Topilmalar arablar bosqinidan keyin ma’lum vaqt yo‘qolib ketgan devoriy bezak san’ati Toshkent hududida ham 10 -11-yuzyilliklarda qayta tiklanganini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shunga o‘xshash devoriy rasmlar Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham aniqlangan. Madaniy meros agentligi Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilayotgan ushbu suratlar Toshkentda ham devoriy suratchilik maktabi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Yodgorlikda 2023 yili olib borilgan arxeologik izlanishlar davomida 5-7-yuzyilliklarga oid devoriy suratlari qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Toshkent viloyatidagi Qanqa yodgorligida V-VIII asrlarga oid ibodatxona va harbiy anjomlar topilgandi.