Toshkent viloyatida yirik narkolaboratoriya tashkil qilganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Olmaliq va Ohangaron shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi ikki yirik narkolabaratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirda ikki nafar shaxs ushlangan. Ularning yonidan 500 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topilgan va daliliy ashyo sifatida olingan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, yana bir boshqa tarqatuvchi ham qo‘lga olingan. Uning yonidan ham 500 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilgan. 

Mazkur dorilarning manbasini aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati Ohangaron shahrida yana uch nafar shaxs, ya’ni laborant, ombor mudiri va qadoqlovchidan iborat jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.

Ularning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda narkolaboratoriya tashkil etilganligi aniqlangan. Honadondan daliliy ashyo sifatida 9 kg pregabalin, 500 gramm tropikamid va 600 dona pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda qadoqlash uchun asbob-anjomlar olingan. Tezkor tadbir natijasida 200 mingdan ortiq bir martalik dozaga teng kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tarqalishining oldi olingan. 

“Biz odamlarga sotgan bu dorilar nechta insonni zaharlashini bilaman. Chin dildan afsusdaman. Kimga zarar yetkazgan bo‘lsam, kimnidir oilasiga, farzandiga zarar yetkazgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Biz yomon ish qildik. To‘g‘ri ish qilmadik. To‘g‘ri yo‘lni tanlamadik”, deydi gumonlanuvchi. 

Xabarga ko‘ra, navbatdagi tezkor tadbir Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida o‘tkazilgan. Tadbirda gumonlanuvchi laborant qo‘lga olingan. Uning yashash manzili holislar bilan ko‘zdan kechirilgan. Natijada honadonda narkolaboratoriya tashkil etilganligi aniqlangan. Ushbu shaxs yashash manzilida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan.

Narkolaboratoriyadan 6 kg pregabalin, 500 gramm tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda qadoqlash uchun zarur bo‘lgan asbob-anjomlar daliliy ashyo sifatida olingan. Natijada esa 160 mingdan ortiq bir martalik dozaga teng bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tarqalishining oldi olingan.

“Qilgan ishimdan pushaymonman. Men chin ko‘ngildan yoshlarga, hammaga bu narsalarni tavsiya bermayman. Ozodlikni qadriga yetinglar”, deydi gumonlanuvchi. 

Mazkur ikki holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda erkak 24 kg “gashish” bilan ushlangan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent viloyati narkolaboratoriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing