Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ovqatdan zaharlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 24 sentyabr kuni Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bir necha maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lgani sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.

Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

Bildirilishicha, mazkur vaziyat darhol Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

“Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda. O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Nurota tumanidagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida go‘sht mahsulotlarining 4/1 qismi yaroqsiz holatda ekani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha Bo'ka Piskent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing