Toshkentda alkogol ichib janjal ko‘targan erkak qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida alkogolli ichimlik iste’mol qilib, jamoat tartibini buzgan erkak 10 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi. 

Hujjatda keltirilishicha, 35 yoshli erkak M.Q. ilgari jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmasdan, joriy yil 20 fevral kuni soat taxminan 10:00 da Mirobod tumani Oybek MFY Oybek ko‘chasida alkogolli ichimlik iste’mol qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, ushbu hududda bo‘lgan fuqarolarning osoyishtaligini buzgan va haqoratlab, baqir-chaqir qilgan. 

Bundan tashqari, u ichki ishlar organlari xodimlarining huquqbuzarlik xatti-harakatini to‘xtatish va IIB binosiga borish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan. Shuningdek, u tig‘li sovuq qurolni qonunga xilof ravishda olib yurgani aniqlangan.

Joriy yilning 20 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda huquqbuzar M.Q. aybiga iqror bo‘lgan va o‘z ko‘rsatmasida ish hujjatlarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani, huquqbuzarligidan pushaymonligi haqida bayon qilib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan. 

U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 185-3-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi), 187-moddasi (jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) 2-qismi va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (2 mln 60 ming) so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy yo‘lagida pichoq bilan yurgan erkak qamalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent janjal alkogol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing