Toshkentda FVB xodimi 1500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
17:47 505 1 daqiqa
Toshkent shahrida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi kichik inspektori 1500 dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangihayot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi kichik inspektori o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, mahalliy MCHJ rahbaridan 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, FVB xodimi hamkasblari orqali MCHJ tomonidan mazkur tumanda faoliyat yurituvchi korxona hududiga o‘rnatilgan yong‘in xavfsizligi jihozlarini qabul qilish bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida Kadastr agentligi bo‘limi bosh inspektori pora bilan qo‘lga tushgan edi.