Toshkentda ijara xonadonini narkolaboratoriya qilganlar ushlandi
3-sahifa
−
21 fevral 3017 2 daqiqa
Toshkent shahri Sergeli tumanida navbatdagi narkolaboratoriya fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumanida joylashgan narkodo‘konda omborchi lavozimida ishlab kelganlar tezkor tadbir xodimlaridan qochayotgan paytda ushlangan. Shundan so‘ng, ushbu jinoiy guruhning tashkilotchilarini qo‘lga olishga qaratilgan tezkor tadbir davom ettirilgan.
Qayd etilishicha, 3 nafar erkak va bir nafar ayoldan iborat uyushgan jinoiy guruh ijarada yashab kelgan uyida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qadoqlashga mo‘ljallangan narkolaboratoriya faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Ularning xonadonidan 10 kg kukunsimon “prigabalin”, 1 kg “tropikomed”, 5 litr suyuq holatdagi “tropikomed”, shuningdek tayyor holatdagi 5130 dona “prigabalin” va 75 dona “tropikomed” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 50 000 ta bo‘sh kapsulalar va 10 000 ta bo‘sh flakonlar aniqlangan.
Ushbu jinoiy guruh Telegram narkodo‘konda kurator topshiriqlariga asosan prekursorlarni qabul qilish va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 yoshli qiz va 22 yoshli yigit uyini narkolaboratoriya aylantirganligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi