Qoidalarni buzganidan faxrlangan “tyuning”chiga berilgan jazo qayta ko‘rib chiqiladi
3-sahifa
−
27 fevral 8446 3 daqiqa
Toshkent shahrida avtomobillarni “tyuning” qilish bilan shug‘ullanuvchi Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayev ijtimoiy tarmoqda bergan intervyusida qoida buzarligidan faxrlanishini aytib, kichik jarima bilan qutilib qolganini bildirgan. Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Voqealar rivoji qanday bo‘lgan edi?
Ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil yanvar oyida Toshkent shahri Shahrisabz ko‘chasida 2 ta BMW mashinasi Yo‘l patrul xizmati xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangani aks etgan video tarqalgan. Ikki avtomobilda ham davlat raqam belgisi bo‘lmagan. Ulardan biri tezlikda o‘tib ketgan, ikkinchisi esa sekinlashib, so‘ngra xodimlarga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.
“Qilgan ishimdan faxrlanaman”
Qayd etilishicha, o‘sha voqea ishtirokchilaridan biri, avtomobillarni “tyuning” qilish bilan shug‘ullanuvchi Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayev bo‘lgan. U blogerga bergan intervyusida o‘sha qoidabuzarligi haqida gapirgan.
Jumayev intervyuda bunday qilmish uchun boshqa odamni 15 sutkaga qamashlari mumkinligini o‘zi esa kichik jarima bilan qutulib ketganini aytgan. Intervyuda blogerning 2-3 yildan keyin shu videoni ko‘rsangiz qanaqa reaksiya berasiz, degan savoliga Jumayev qilgan ishidan faxrlanishini aytgan.
Jamoatchilik e’tirozi
Ushbu intervyu ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng jamoatchilik va jamoatchilik faollari keskin munosabat bildirgan.
“Agar qoidabuzar ochiqchasiga “mening 100 ta tanishim bor, shuning uchun yengilroq jazo oldim” deb bemalol aytayotgan bo‘lsa – bu oddiy holat emas!
Qonunni qo‘pol ravishda buzgan inson afsuslanish o‘rniga, qilgan ishidan faxrlanayotgani – jamiyatda jazo muqarrarligiga ishonch susayganini anglatadi”, degan Rasul Kusherboyev o‘zining Telegram kanalida.
“Qonun hamma uchun teng bo‘lmasa, “tanish-bilish” omil bo‘lsa, adolatga ishonch yemiriladi. Eng xavflisi – qoidabuzarlik namuna sifatida ko‘rila boshlaydi.
Adolat – shunchaki so‘z emas. U amal qilgandagina qiymatli”, deb qo‘shimcha qilgan Kusherboyev.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holat bo‘yicha X ijtimoiy tarmog‘ida quyidagi fikrlarni yozgan.
“Bu qonunbuzarlikdan faxrlanadigan yigit buzuq zanjirning boshi emas, oxiri emas, o‘rtasida. Qonunni mensimaslik, ochiqcha, namoyishkorona buzish va yana shu orqali milliardlab boylik orttirish teparoqdan boshlangan. Tendersiz pudrat va bitimlarni, yashirin qarorlarni, yopiq imtiyozlarni qarang. Hammangdan va qonundan ustunman degani emasmi? ” deya so‘roq qo‘ygan Bakirov.
Bosh prokuratura protest kiritdi
Ushbu holatdan keyin Bosh Prokuratura rasmiy bayonot berdi.
“Bosh prokuratura tomonidan Uzbelas Performance avtoservisi rahbari Asadbek Jumayev ishtirokidagi videointervyu o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 2026 yil 16 yanvardagi qaroriga asosan Jumayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya’ni 8,4 mln so‘m jarimaga tortilgan”, deyilgan Bosh prokuratura bergan xabarda
“O‘rganish natijalariga ko‘ra, holatga xolis huquqiy baho berish maqsadida 2026 yil 26 fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilishi ta’minlandi” deb qo‘shimcha qilingan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 10-sinf o‘quvchisi BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektorini urib yuborgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq, ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Live
Barchasi