Toshkentda pora olib, ishni bitirolmagan soliqchi ushlandi
3-sahifa
−
19 noyabr 3878 2 daqiqa
Toshkent shahrida 5 ming AQSH dollar pora olgan Soliq boshqarmasi bosh inspektori ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) rahbarlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu ish Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 184-moddasi (soliq yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ga asosan boshlangan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu MCHJga qo‘shimcha ravishda 8,7 milliard so‘m soliq hisoblangan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 15 sentyabr kuni sud tomonidan mazkur MCHJda qayta taftish o‘tkazish bo‘yicha ajrim chiqarilgach, Toshkent shahar Soliq boshqarmasining Soliq auditi bo‘limi bosh inspektori qayta taftish davomida ushbu qo‘shimcha soliqni bekor qilib berishini aytib, evaziga MCHJ vakillaridan 5 ming AQSH dollari olgan.
Ammo bosh inspektor dastlabki taftishda hisoblangan qo‘shimcha 8,7 mlrd so‘mlik soliqni to‘liq bekor qilishni uddalay olmagach, muqaddam olgan 5 ming AQSH dollarini MCHJ vakillariga qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda IIB xodimlari pora bilan qo‘lga tushgandi.
Live
Barchasi