Toshkentda o‘quvchilari “Katyusha”ni aytmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi ishdan olindimi?
3-sahifa
−
12 may 26608 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi maktablardan birining direktori o‘qituvchini o‘quvchilari “Katyusha” va “Smuglyanka” qo‘shiqlarini kuylamoqchi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shatgani va maktabda Xotira va qadrlash kuni tadbirlari o‘tkazilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumanidagi maktablardan birida boshlang‘ich ta’lim fani o‘qituvchisi joriy yilning 8 may kuni o‘zi rahbarlik qilayotgan 4-“G” sinf o‘quvchilari bilan maktab ma’muriyatini ogohlantirmasdan dars jadvalida birinchi soatda ko‘rsatilgan matematika fani darsini o‘tmasdan o‘zboshimchalik bilan Xotira va qadrlash kunini nishonlashga uringan. Bundan xabar topgan maktab ma’muriyati o‘qituvchini dars mahalida bunaqa tadbir o‘tkazishi mumkin emasligi haqida yana bir bor ogohlantirgan. Bu kabi tadbirlar darsdan keyin o‘tkazilishi zarurligini, agar o‘zboshimchalik qiladigan bo‘lsa, o‘qituvchi ishdan bo‘shash uchun ariza yozishi lozimligini bildirgan.
Bildirilishicha, bundan tashqari, mazkur ta’lim muassasasida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joriy yilning 7 may kuni o‘quvchilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqish o‘tkazayotgan yoshlar sovetparastlar hujumiga uchragani aks etgan videokadrlar tarqalgandi. Kadrlarda “O‘lmas polk” shiori ostida G‘alaba kunini Sovet bayroqlari bilan nishonlamoqchi bo‘lganlar qatorida, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” deb kuylayotgan yoshlarning chiqishlari ayrim rusparast qatlamga yoqmagani ko‘rinadi. Keyinroq Sovet bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘chaga chiqqan toifalarga to‘xtalgan deputat Alisher Qodirov sobiq Sovet hududlarida provokatsiya qilish kimga oid ekanligini va kimlar buni moliyalashtirayotganligini butun dunyo bilishini urg‘uladi. Qolaversa ayol tomonidan aytilgan gaplarni rad etishi va tuhmat sifatida baholashini ma’lum qildi.
Live
Barchasi