Toshkentda uyida katta miqdorda “tablekta” saqlaganlar ushlandi
3-sahifa
−
11 dekabr 2005 2 daqiqa
Toshkent shahrida yashash xonadonida katta miqdorda giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar saqlagan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan boshqa huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash yo‘nalishida kechiktirib bo‘lmas tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi, 1977 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan ayol F.M. o‘z yashash manzilida noqonuniy ravishda Farg‘ona vodiysidan olib kelingan katta miqdordagi psixotrop moddalar saqlayotgani to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olingan.
So‘ngra fuqaro F.M. va uning jinoiy aloqalarini qo‘lga olish bo‘yicha DXX Chegara qo‘shinlari, Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi hamda IJQKD xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Xolislar ishtirokida uning yashash xonadonidan 3000 dona ozish uchun mo‘ljallangan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalari hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan 1,1 mlrd so‘mlik TMB olindi.
F.M. bilan o‘tkazilgan dastlabki so‘rovda 1986 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan mahalladoshi fuqaro D.X. ning yashash xonadonida ham katta miqdordagi psixotrop moddalar borligi haqida ko‘rsatma olingan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro D.X. ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan. Natijada 17060 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 400 mln so‘mlik 2973 dona tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori-darmonlar borligi aniqlangan.
Hozirda har ikki fuqaroning mazkur psixotrop moddalar va boshqa TMBlarni kimdan olgani, bunga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda jinoyat mexanizmini to‘liq ochish yuzasidan hamkorlikdagi tadbirlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning noyabr-dekabr oylarida 91 ta kontrabanda va qonunbuzilish holati aniqlanib, ushbu holatlarda jami 113 kg narkotik moddalar, jumladan, sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi